Kommunal xo‘jaligi sohasi xodimlarining mehnati munosib e’tirof etiladi
2026-08-10 15:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.
Mazkur qonun kommunal xo‘jaligi sohasida ko‘p yillar davomida samarali mehnat qilib, tarmoq rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan xodimlarni davlat darajasida munosib rag‘batlantirishga qaratilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda kommunal xo‘jaligi sohasini tubdan isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
- Kommunal soha — aholining kundalik hayoti va farovonligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan muhim tarmoqlardan biridir. Ushbu tizimda fidoyilik bilan mehnat qilayotgan xodimlarning xizmatlarini munosib e’tirof etish va ularni rag‘batlantirish muhim ahamiyatga ega, — dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Qonun bilan amaldagi “O‘zbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat ko‘rsatgan xodim” faxriy unvoni o‘rniga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni ta’sis etilmoqda.
✨ Yangi faxriy unvon kommunal xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan, ko‘p yillik samarali mehnati, yuksak kasbiy mahorati, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirishga alohida hissa qo‘shgan xodimlarga beriladi.
- Yangi faxriy unvonning joriy etilishi sohada uzoq yillar mehnat qilgan, o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashib kelayotgan mutaxassislar uchun katta e’tirofdir. Bu o‘z navbatida, tizim xodimlarining kasbiy nufuzini oshirish va ularni yanada samarali faoliyat yuritishiga turtki bo'ladi, — deya ta’kidladi Ozoda Jo‘rayeva.
Ta'kidlash lozimki, mazkur unvonning ta’sis etilishi soha xodimlarini munosib rag‘batlantirish, ularning kasbiy nufuzini yanada oshirish hamda kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.



