Quruvchilar – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori
2026-08-09 14:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Farg‘ona viloyatida Quruvchilar kuni munosabati bilan soha xodimlari, muhandislar, me’morlar, loyihachilar, usta-quruvchilar va mehnat faxriylari ishtirokida tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbir avvalida barcha soha vakillari kasb bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etildi. Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi, obod shahar va qishloqlar, yangi turar joylar hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlari aynan quruvchilarning mashaqqatli mehnati va yuksak mahorati samarasidir. Har bir qad rostlayotgan inshoot, har bir barpo etilayotgan mahalla va ko‘chada quruvchilarning mehnati va fidoyiligi mujassam.
Tadbirni Farg‘ona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Bekzodjon Rahimov ochib berib, barcha hamkasblarni kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi. U o‘z so‘zida soha xodimlarining mamlakat taraqqiyoti, aholi farovonligini ta’minlash va Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi beqiyos hissasini alohida e’tirof etdi.
Tadbir doirasida qurilish sohasida ko‘p yillik samarali mehnat qilib kelayotgan, yuqori malakali va fidoyi mehnati bilan ajralib turgan bir guruh mutaxassislar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sh.Hidoyatovning tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarida qurilish sohasi xodimlarining mas’uliyati va o‘rni beqiyos ekanini yana bir bor ta’kidlab, barcha quruvchilarga mustahkam sog‘liq, xonadonlariga fayz-u baraka va kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladilar.





