Jomboy tumanida ko‘p kvartirali uylar infratuzilmasini yaxshilash ishlari o‘rganildi
2026-08-06 14:20:00 / Vazirlik yangiliklar

Vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva Samarqand viloyatining Jomboy tumanida bo‘lib, Prezidentimizning 48-son qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Jarayonda hududdagi ko‘p kvartirali uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari hamda “Jomboy ishonch kommunal” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati o‘rganildi.
Ayni paytda Jomboy tumandagi 19 ta ko‘p kvartirali uyda qariyb 964 million so‘mlik ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Xususan, 82 ta kirish yo‘lagi hamda 2 ta uyning fasad qismi ta’mirlanmoqda.
Shuningdek, Prezidentimizning 48-son qarori asosida ko‘p kvartirali uylarning tutash hududida zamonaviy bolalar va sport maydonchasi barpo etilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mahalliy budjet va homiylik mablag‘lari hisobidan yana 6 ta uyning fasad qismlari hamda kirish yo‘laklari ta’mirlanmoqda.
— Prezidentimiz tomonidan ko‘p kvartirali uy-joy fondini yangilash, hovlilarni obod qilish va aholi uchun zamonaviy, qulay yashash muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun Jomboy tumanida amalga oshirilayotgan ishlar ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir. Muhimi, har bir loyiha aholining manfaatiga xizmat qilishi va sifatli bajarilishi zarur, — dedi Ozoda Jo‘rayeva.
O’rganishlar davomida mas’ullarga qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish, shuningdek, aholining taklif hamda ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlarni tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.




