Bugun vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ishtirokida tegishli dasturlar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2026-08-04 14:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ishtirokida tegishli dasturlar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar, departament vakillari, "Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi" DM hamda hokimliklar huzuridagi buyurtmachi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Prezidentning 48-son qarori doirasida 2026-2027-yillarda ko‘p qavatli uylarning tutash hududlarida infratuzilma obyektlarini barpo etish ishlarining borishi muhokama qilindi.
Vazir o‘rinbosari dastur doirasida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
- Har bir hududda tasdiqlangan manzilli dasturlar belgilangan muddatlarda to‘liq amalga oshirilishi, qurilish-montaj ishlari belgilangan grafik asosida tashkil etilishi hamda ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanilishi zarur, — dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Yig‘ilishda loyiha-smeta hujjatlarini qisqa muddatlarda yakunlash, barcha lotlarda qurilish-montaj ishlarini jadallashtirish, qurilayotgan bolalar va sport maydonchalarida muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan sifatli jihozlardan foydalanish, shuningdek, dastur ijrosini raqamli monitoring tizimi orqali doimiy nazorat qilish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
- Barcha mas’ul tashkilotlar belgilangan muddatlarga qat’iy rioya etgan holda dastur ko‘rsatkichlarining to‘liq va sifatli bajarilishini ta’minlashi lozim, — dedi vazir o‘rinbosari.
Yig‘ilish yakunida hududlarga belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish, dastur ijrosini tizimli tashkil etish hamda monitoring natijalari asosida doimiy tahlil olib borish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.




