Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi
2026-07-23 19:05:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sh.Hidoyatov raisligida vazirlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari ijrosiga bag‘ishlangan tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda vazir o‘rinbosarlari, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari hamda tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda hujjatlar va jismoniy hamda yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash holati, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashdagi sustkashliklar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-iyundagi PF–104-son Farmoni ijrosini jadallashtirish, rahbarlarning samaradorlik (KPI) ko‘rsatkichlariga erishish darajasi, shuningdek, Yil dasturi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi haqida so’z yuritildi.
Muhokamalar davomida hujjatlar, murojaatlar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bilan ishlashdagi sustkashliklar oqibatida nazoratdagi topshiriqlar belgilangan muddatlarda bajarilmayotgani, ayrim hollarda esa ularning ijrosi umuman ta’minlanmayotgani keskin tanqid qilindi.
Shuningdek, PF–104-son Farmoni, Yil dasturi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi vazifalar ijrosida ortda qolayotgan mas’ul rahbarlarning faoliyati ko‘rib chiqildi.
▪️ Shu bois mavjud kamchilik va sustkashliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul rahbarlar keskin tanqid qilinib, ularning faoliyatiga huquqiy baho berildi. Faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan ayrim boshqarma boshliqlariga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanildi.
Yig‘ilish yakunida barcha mas’ullarga aniq muddatlar belgilangan holda topshiriqlar berilib, ijro intizomini kuchaytirish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan qat’iy ogohlantirildi.



