Tadbirkorlar bilan muloqotlar davom etmoqda
2026-07-23 19:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Tadbirkorlar bilan muloqotlar davom etmoqda. Bugun bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Samarqand, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirok etdi. Uchrashuvni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari T.Alimatov olib bordi.
Tadbir avvalida vazir o’rinbosari tadbirkorlarning faoliyati davomida yuzaga kelayotgan masalalarni o’z vaqtida o’rganish va ularni hal etish, ochiq muloqot orqali taklif hamda tashabbuslarni qo’llab-quvvatlash sohani izchil rivojlantirishning muhim omillaridan biri ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari bilan doimiy muloqotni davom ettirish va ularning murojaatlariga amaliy yechim topish vazirlik faoliyatining ustuvor yo’nalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Dastlab samarqandlik quruvchilarga navbat berildi. Murojaatda qayd etilishicha ko‘p qavatli uy qurilishida arxitektura loyihasini kelishish va ruxsatnoma olishda ayrim masalalarga duch kelinmoqda. Yana bir murojaatda obyektlarning fasad qismini o‘zgartirishni kelishishga doir tushunmovchiliklar haqida so‘z bordi. Mas’ullar ushbu murojaatlarni tinglab, bu borada tadbirkorlarga huquqiy tushuntirish berdilar va asosli muammolarni hal qilish choralari belgilab olindi. O‘z o‘rnida hududiy boshqarmalar ham mavjud muammolar yechimi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirib o‘tishdi.
Namanganlik tadbirkor bilan muloqotda fuqaro turar joyni noturar toifaga o‘tkazishda yuzaga kelayotgan muammolar haqida gapirdi. Yana bir tadbirkor esa mavjud binoni rekonstruksiya qilishga oid masalani ilgari surdi. Vazir o‘rinbosari mazkur murojaatlarga amaliy yechim berish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatma berdi.
Sirdaryolik tadbirkorlar ham mutasaddilarga o‘z masalalari bo‘yicha yuzlandilar. Jumladan, davlat xususiy sherikchilik asosida berilgan binoning toifasini tibbiyot klinikasiga o‘zgartirish istagini bildirgan tadbirkor ham mas’ullardan tegishli javob oldi. Unga bu borada huquqiy tushuncha berildi. Yana bir murojaat egasi o‘z hududiga yondosh qo‘shnilar bilan yuzaga kelayotgan nizo bo‘yicha yordam so‘radi. Ushbu masala yuzasidan ham huquqiy tushuncha berildi.
Uchrashuvda barchasi ochiq-oydin aytildi. Muammolarni hal etishga doir aniq vazifalar belgilab olindi.





