"Central Asia Home Pro 2026" xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkaziladi
2026-07-23 16:00:00 / Vazirlik yangiliklar

2026-yil 3–5-dekabr kunlari Uzekspomarkazda qurilish, development, ta’mirlash, arxitektura va interyer dizayni sohalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan "Central Asia Home Pro 2026" xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
Tadbirning asosiy maqsadi developer kompaniyalar, qurilish va pardozlash materiallari ishlab chiqaruvchilari, mebel korxonalari, arxitektura hamda dizayn byurolari, “aqlli uy” texnologiyalari yetkazib beruvchilari va soha mutaxassislarini yagona professional platformada jamlashdan iborat.
Ko‘rgazma doirasida davlat organlari, biznes vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda professional hamjamiyat ishtirokida biznes sessiyalar, panel muhokamalari va B2B uchrashuvlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, xaridorlar bilan ochiq muloqot va keng qamrovli ma’ruzalar dasturiga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu ma’ruzalar tashrif buyuruvchilarga qurilish va pardozlash materiallarini to‘g‘ri tanlash, uy-joylarini zamonaviy va qulay yechimlar asosida jihozlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar beradi.
Ko‘rgazmaning asosiy g‘oyasi — biznes va yakuniy iste’molchini bevosita bog‘lovchi samarali platformani yaratishdir. Unda developerlar, interyer dizaynerlari, mebel ishlab chiqaruvchilari va qurilish hamda pardozlash materiallari yetkazib beruvchilari o‘z mahsulot va xizmatlarini yakuniy xaridorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, tashrif buyuruvchilar zamonaviy uy-joy yaratish uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar, texnologiyalar va yechimlar bilan bir joyning o‘zida tanishishlari mumkin.
Ko‘rgazma tajriba almashish, yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish, innovatsion yechimlarni ommalashtirish hamda O‘zbekiston qurilish va dizayn sohalarining salohiyatini namoyish etuvchi muhim professional maydon bo‘lishi kutilmoqda. Tadbir yosh mutaxassislar uchun ham zamonaviy tendensiyalar bilan yaqindan tanishish va kasbiy salohiyatini oshirish imkonini yaratadi.
Tashkilotchilar soha vakillari, biznes hamjamiyati va mutaxassislarni ko‘rgazma hamda uning ishbilarmonlik dasturida faol ishtirok etishga taklif etadi.
