Ijtimoiy soha obyektlarida olib borilayotgan qurilish ishlari o‘rganildi
2026-07-22 16:40:00 / Vazirlik yangiliklar

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov Samarqand viloyatida rekonstruksiya qilinayotgan ijtimoiy soha obyektlarida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
Xususan, Samarqand shahri Ibrohim Xo‘ja mahallasidagi 150 o‘rinli 5-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda Samarqand tumani “Qusaho” mahallasidagi 180 o‘rinli 7-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari ko‘zdan kechirildi.
Obyektlarda qurilish ishlarining sifati, foydalanilayotgan qurilish materiallari, eshik va derazalarning o‘rnatilishi, hududni obodonlashtirish hamda mehnat va texnika xavfsizligi talablariga rioya etilishi tahlil qilindi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha qurilish sur’atlarini jadallashtirish, aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish, ishlar sifatini yanada oshirish hamda obyektlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirishni ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, bolalar ta’lim oladigan maskanlarni barpo etishda asosiy mezonlar sifat, xavfsizlik va muddat hisoblanadi. Shu bois barcha qurilish ishlari amaldagi me’yor va talablarga qat’iy rioya etilgan holda, yuqori sifatda amalga oshirilishi zarurligi alohida ta’kidlandi.




