RASMIY MUNOSABAT
2026-07-18 14:20:00 / Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda “BETTER BEST” kompaniyasining Maljaan Residence loyihasi yuzasidan “avariya holati to‘liq bartaraf etilgani” hamda qurilish ishlari belgilangan tartibda davom ettirilayotgani haqida xabarlar tarqatilmoqda.
Mazkur xabarlar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:
2026-yil 3-iyul kuni Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan obyektda o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida oqova suv quvurining yorilishi natijasida qurilgan binolar poydevoriga suv toshgani aniqlangan.
Mazkur holatni har tomonlama o‘rganish hamda obyektning texnik holatiga xolis baho berish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining buyrug‘i bilan maxsus ishchi guruhi tuzilgan bo‘lib, ayni paytda o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Shu munosabat bilan buyurtmachi, pudratchi hamda loyiha tashkilotlariga:
- bino poydevorining instrumental-texnik xulosasini olish;
geologik tekshiruv o‘tkazish; aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar qurilish-montaj ishlarini to‘liq to‘xtatish bo‘yicha bajarilishi majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
Xususan, obyekt bo‘yicha avvalgi nazorat tadbirlarida ham loyiha hujjatlaridan chetga chiqish, noqonuniy qo‘shimcha qavatlar qurilishi, sud qarori bilan noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish hamda obyektning seysmik mustahkamligini qo‘shimcha instrumental tekshiruvdan o‘tkazish zarurligi belgilangan.
Shu sababli, texnik tekshiruvlar, jumladan, maxsus ishchi guruhi tomonidan olib borilayotgan o‘rganishlar yakunlanmasdan hamda vakolatli organlarning tegishli xulosalari olinmasdan turib, “barcha muammolar to‘liq bartaraf etildi” mazmunidagi xabarlar rasmiy xulosa hisoblanmaydi.
Fuqarolardan ko‘chmas mulk xarid qilishdan oldin faqat vakolatli davlat organlarining rasmiy axborotlariga tayanish hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan reklama va bir tomonlama bayonotlarga tanqidiy yondashish so‘raladi.
