Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida kitobxonlik tanlovi oʻtkazildi
2026-07-16 20:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Prezidentimizning “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan vazirlikda tashkil etilgan “Kitob burchaklari”dagi adabiyotlar hamda xodimlar tomonidan taqdim etilgan badiiy adabiyotlar roʻyxati asosida tanlov boʻlib oʻtdi.
Haftaning payshanbasi — “Yoshlar kuni” doirasida tashkil etilgan tanlovda vazirlikning eng kitobsevar xodimlari ishtirok etdi. Nizomga muvofiq, kamida 10 ta va undan ortiq kitob mutolaa qilgan xodimlar komissiya aʼzolari bilan suhbatdan oʻtib, o‘qigan asarlari mazmuni, tafsilotlari va xulosalari yuzasidan savollarga javob berdi.
Yakuniy natijalarga koʻra, Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi yetakchi mutaxassisi Ixtiyor Siddiqov eng yuqori ball toʻplab, tanlov gʻolibi deb topildi. Nizomga muvofiq, gʻolib bir oylik lavozim maoshi miqdorida ragʻbatlantirilishi qayd etildi.
Shuningdek, tanlovda faollik ko'rsatib, munosib ishtirok etgan boshqa xodimlar yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami arafasida vazirlik kasaba uyushmasi tomonidan taqdirlanishi ham belgilab olindi.
Mazkur tanlov vazirlik xodimlari oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mutolaa qilishga boʻlgan qiziqishni oshirish hamda kitobxonlikni keng targʻib etishga xizmat qilmoqda.




