Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (Rasmiy munosabat)
2026-07-10 11:40:00 / Rasmiy munosabat

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ko‘p kvartirali uyni boshqarish usuli joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi tomonidan belgilanadi. Mulkdorlar uyni boshqaruvchi tashkilot, yakka tartibdagi boshqaruvchi, uy-joy mulkdorlari shirkati yoki bevosita boshqarish usullaridan birini tanlash huquqiga ega. Agar amaldagi boshqaruvchi tashkilot faoliyatidan qoniqilmasa, umumiy yig‘ilish qarori bilan boshqarish usuli yoki boshqaruvchi almashtirilishi mumkin.
Bevosita boshqarish usuli tanlanganda uy kengashi tashkil etiladi hamda zarur xizmatlar (tozalash, obodonlashtirish, chilangarlik, elektr va boshqalar) alohida shartnomalar asosida xarid qilinishi mumkin. Biroq lift, elektr va boshqa xavfli muhandislik tizimlariga xizmat ko‘rsatish faqat qonunchilikda belgilangan malaka va ruxsatlarga ega mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.
Boshqaruvchi tashkilot smetasidagi ish haqi yoki boshqa xarajatlar mulkdorlarning umumiy yig‘ilishida muhokama qilinib, tasdiqlanadi. Zarur bo‘lmagan xarajatlarni qisqartirish yoki xizmatlar hajmini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror ham aynan umumiy yig‘ilish vakolatiga kiradi.
Qonunchilikka ko‘ra, har bir mulkdor boshqaruvchi tashkilotdan bajarilgan ishlar, ko‘rsatilgan xizmatlar va moliyaviy faoliyat yuzasidan hisobot olish huquqiga ega.
Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi PQ–48-son qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan boshlab Toshkent shahrida boshqaruvchi tashkilotlar har chorak yakunlari bo‘yicha ma’lumotlarni "Mening uyim" axborot-billing tizimiga kiritishi shart. Ushbu ma’lumotlar asosida yillik hisobot avtomatik shakllantiriladi.
Agar boshqaruvchi tashkilot hisobotlarni taqdim etmasa, tasdiqlangan smetaga rioya qilmasa yoki mablag‘lardan maqsadsiz foydalangan deb hisoblansa, joylar mulkdorlarining kamida 10 foizi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish chaqirish tashabbusi bilan chiqishi, hisobotlarni talab qilishi, smetani qayta ko‘rib chiqishi yoki boshqaruvchini almashtirish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.
Bunday holatlarda vakolatli hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan qonunchilik talablariga rioya etilishi o‘rganiladi va qonunbuzilishlar aniqlansa, belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.
