Jamoatchilik va Faxriylar kengashlari faoliyati sarhisob qilindi
2026-07-03 15:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustdagi PF–124-son Farmoni hamda vazirlikning tegishli buyrug‘i ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Xususan, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, texnik va shaharsozlik kengashlari faoliyatida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, vazirlik faoliyatining ochiqligi va shaffofligini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.
Shuningdek, vazirlik faoliyati bo‘yicha jamoatchilik fikrini tizimli o‘rganish, korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarida faol ishtirok etish hamda rasmiy axborot resurslari orqali ochiq ma’lumotlarni muntazam e’lon qilib borish yo‘nalishlarida olib borilgan ishlar alohida qayd etildi.
“Jamoatchilik nazorati, faxriylarning hayotiy tajribasi va ochiq muloqot sohani izchil rivojlantirishning muhim omilidir. Har bir taklif amaliy natijaga xizmat qilishi, qabul qilinayotgan qarorlar esa tizim samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kerak”, — dedi kengash raisi Kozim To‘laganov.
Shundan so‘ng Faxriylar kengashining 2026-yil birinchi yarim yillik faoliyati yuzasidan hisobot tinglandi. Unda soha faxriylarini qo‘llab-quvvatlash, ularning tajribasini yosh avlodga yetkazish, shuningdek, shaharsozlik va qurilish sohasini rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning birinchi yarim yilligida 211 nafar nomzodning hujjatlari ko‘rib chiqilib, 167 nafari Arxitektura va qurilish sohasi faxriylari safiga qabul qilindi. Bugungi kunga qadar esa 983 nafar faxriy kengash tarkibiga qabul qilingan bo‘lib, 908 nafar mehnat faxriysiga “Kengash faxriysi” yorlig‘i topshirildi.
“Ustoz–shogird” an’analarini rivojlantirish maqsadida respublika bo‘yicha 15 ta oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning olti oyida faxriylar ishtirokida 152 ta uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilib, ularda 22,8 ming nafardan ortiq talaba qamrab olindi. Shuningdek, 818 nafar faxriyni dam olish maskanlari va sanatoriylarda sog‘lomlashtirish ishlari tashkil etildi.
Hisobotlarda shaharsozlik va qurilish sohasini takomillashtirish yuzasidan 1 ta qonun hujjati, 29 ta qonunosti hujjati hamda 16 ta shaharsozlik norma va qoidalariga taklif va tavsiyalar kiritilgani, ularning bir qismi bugungi kunda amaliyotga joriy etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilayotgani qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida kengash a’zolarining taklif va mulohazalari eshitilib, joriy yilning uchinchi choragida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.




