KORRUPSIYAGA QARSHI ICHKI NAZORAT TIZIMI YANADA KUCHAYTIRILADI
2026-06-25 13:00:00 / Vazirlik yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan O‘RQ–1155-sonli Qonun korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yangi bosqichga olib chiqadi. Mazkur hujjat davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olish, ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan.
Qonunga muvofiq, davlat organlarida faoliyat yuritayotgan komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vakolatlari, huquq va majburiyatlari aniq belgilandi. Shuningdek, ularning mustaqil faoliyat yuritishi uchun zarur huquqiy kafolatlar yaratildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida ham korrupsiyaning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsion xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur qonun bilan joriy etilayotgan yangi mexanizmlar vazirlik tizimida ichki nazorat samaradorligini oshirish, mas’uliyat va hisobdorlikni kuchaytirish, fuqarolar hamda tadbirkorlarning davlat xizmatlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
