Ozoda Jo‘rayeva Farg‘onada mas’ullar bilan uchrashuv o‘tkazdi
2026-05-08 17:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Tanqidiy tahlil va aniq vazifalar: Ozoda Jo‘rayeva Farg‘onada mas’ullar bilan uchrashuv o‘tkazdi
Qurilish va kommunal xizmatlari sohasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ishtirokida Farg‘ona viloyatining barcha hududiy bo‘linmalari rahbarlari va mas’ullari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda maxsus ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan holatlar atroflicha tahlil qilinib, aniqlangan muammo va kamchiliklar birma-bir ko‘rib chiqildi. Ayrim hududlarda ijro intizomi susaygani, murojaatlar bilan ishlashda mas’uliyat yetishmayotgani hamda kommunal xizmatlar sifati talab darajasida emasligi keskin tanqid qilindi.
Mas’ullarga ish samaradorligini oshirish, aholi murojaatlariga tezkor va sifatli yondashish, kommunal infratuzilma obyektlaridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Kamchiliklarni bartaraf etish va tizimdagi ishlarni tartibga solish uchun mutasaddilarga 1 oy muddat belgilandi. Belgilangan vazifalar ijrosi qat’iy nazorat qilinishi ta’kidlandi.
— Bugungi islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholiga munosib sharoit yaratish va ularning hayot sifatini yaxshilash. Har bir rahbar o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashishi shart, — deya ta’kidladi Ozoda Jo‘rayeva.
Yig‘ilishda kelgusidagi ustuvor vazifalar, sohada ochiqlik va nazoratni kuchaytirish, joylarda amalga oshirilayotgan ishlar sur’atini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.



