Uy-joy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha matbuot anjumani
2026-03-05 17:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov matbuot anjumanida so‘z olib, quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Bugungi kunda shaharlarni rivojlantirish masalasiga yangicha yondashuv joriy etilmoqda. Endilikda aholi punktlarining bosh rejasi va master-rejalari hududlarning uzoq muddatli rivojlanish istiqbollarini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi. Bu esa shahar infratuzilmasini muvozanatli rivojlantirish, yashil hududlarni ko‘paytirish va aholiga qulay muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi”.
Shuningdek, tadbirda hududlarni batafsil rejalashtirish loyihalarini takomillashtirish, zamonaviy urbanistik yechimlarni joriy etish hamda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda tizimli va kompleks yondashuvni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
OAV vakillarining renovatsiya, yashil hududlarni saqlash, sohada korrupsion holatlarni oldini olishga qaratilgan savollariga ham atroflicha javob berilmoqda.
Matbuot anjumanida eskrou tizimi haqida ham so‘z yuritildi
Vazir Sherzod Hidoyatov ta’kidlashicha, mazkur tizim avvalo fuqarolar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
“Eskrou tizimi – bu eng avvalo, aholi manfaatlarini ko‘zlagan mexanizm. Fuqarolar tomonidan uy-joy xaridi uchun to‘langan mablag‘lar bankdagi alohida hisobda saqlanadi va qurilish ishlari belgilangan tartibda bajarilgachgina quruvchi tashkilotga yo‘naltiriladi. Bu esa fuqarolarning mablag‘lari va mulk huquqining ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi”.
Qayd etilishicha, ushbu tizim qurilish loyihalarining mas’uliyat bilan amalga oshirilishini ta’minlash hamda uy-joy bozorida fuqarolar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, yangi mexanizmlar orqali shaharsozlik jarayonlari tartibga solinib, hududlarni bosh reja va master-rejalar asosida rivojlantirish, zamonaviy hamda qulay yashash muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.



