Ichki audit
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining Ichki audit xizmati boshqarmasi toʻgʻrisidagi VAQTINChALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) Ichki audit xizmati boshqarmasining maqsadi, vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
tizim tashkilotlari – Vazirlik markaziy apparati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahri iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari, tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlari, vazirlik tarkibidagi tizim tashkilotlari hamda vazirlik muassisligida tashkil etilgan korxonalar;
Ichki audit xizmati boshqarmasi – tizim tashkilotlarida ichki audit faoliyatini amalga oshiruvchi hamda boshqa tarkibiy tuzilmalardan mustaqil tarkibiy boʻlinma; ichki audit faoliyati – tizim tashkilotlarida budjet intizomini mustahkamlash, budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi holatlarining oldini olish, budjet tizimi budjetlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan
foydalanish samaradorligini baholashga qaratilgan mustaqil faoliyat;
ichki audit obyekti – ichki audit tadbiri amalga oshirilishi nazarda tutilgan tizim tashkilotlari;
ichki audit tadbiri – ichki audit obyektlarida Ichki audit xizmati boshqarmasi maqsadlariga erishishga qaratilgan Ichki audit xizmati boshqarmasi xodimi tomonidan amalga oshiriladigan jarayon.
3. Ichki audit xizmati boshqarmasi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, Vazirlik qarorlari va buyruqlariga, shuningdek, ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
4. Ichki audit xizmati boshqarmasi tizim tashkilotlarida ichki audit faoliyatini amalga oshirishga masʼul hisoblanadi.
5. Ichki audit xizmati boshqarmasi tizim tashkilotlarining asosiy faoliyati natijalariga javobgar hisoblanmaydi.
6. Ichki audit xizmati boshqarmasi tomonidan ichki audit maqsadlari va vazifalarini amalga oshirish uchun ichki audit obyektlarida, shu jumladan, fuqarolar ishtirokidagi audit tizimi orqali aniqlangan obyektlarda ichki audit tadbirlarini oʻtkazadi, natijalarini rasmiylashtiradi hamda taklif va tavsiyalar tayyorlaydi.
Ichki audit tadbirlari Vazirlik rahbariyati tomonidan tasdiqlangan ichki audit yillik rejasi asosida oʻtkaziladi.
7. Ichki audit xizmati boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki audit tadbirlari ichki auditning milliy standartlari va ichki audit tadbirlarini oʻtkazish qoʻllanmasi asosida oʻtkaziladi.
2- bob. Ichki audit xizmati boshqarmasini tashkil etish
8. Ichki audit xizmati boshqarmasi Vazirlik markaziy apparatida mustaqil tarkibiy tuzilma sifatida tashkil etiladi.
Bunda Ichki audit xizmati boshqarmasini tashkil etmasdan ichki audit faoliyatini boshqa tarkibiy tuzilmalarga yuklashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ichki audit xizmati boshqarmasining mavjud shtat birliklarini tasdiqlash Vazir tomonidan amalga oshiriladi.
9. Ichki audit xizmati boshqarmasi bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziriga boʻysunadi.
Ichki audit xizmati boshqarmasi faoliyatiga Vazirlikning boshqa mansabdor shaxslari aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Ichki audit xizmati boshqarmasi xodimi lavozimiga ichki audit boʻyicha milliy malaka sertifikatiga ega boʻlgan shaxslar qabul Malaka sertifikatiga ega boʻlmagan shaxslarning ichki audit xizmatining xodimi lavozimiga ishga qabul qilinishiga hamda ularning ushbu tizimlarda faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Ichki audit xizmati boshqarmasi xodimiga quyidagi hollarda ichki audit tadbirlarida ishtirok etishga yoki ushbu tadbirlarni oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi:
ichki audit tadbirini oʻtkazish nazarda tutilgan ichki audit obyektida shaxsiy yoki mulkiy manfaatlari boʻlsa;
ichki audit obyektida ishlagan davri shu obyektda oʻtkazilishi rejalashtirilgan ichki audit tadbirlari bilan qamrab olingan boʻlsa;
manfaatlar toʻqnashuvi yoki korrupsiyaga oid huquqbuzarlikka sabab boʻladigan boshqa holatlar mavjud boʻlsa.
3- bob. Ichki audit xizmati boshqarmasining vazifalari va funksiyalari
12. Ichki audit xizmati boshqarmasining asosiy maqsadi – tizim tashkilotlarida budjet intizomini mustahkamlash va budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishi holatlarini profilaktika qilish, budjet xarajatlarining samaradorligi va natijadorligini baholash hamda ichki audit faoliyati sohasidagi hujjatlar ijrosini taʼminlashdan iborat.
13. Quyidagilar Ichki audit xizmati boshqarmasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini tahlil qilish va baholash, budjet hisobining yuritilishi hamda moliyaviy hisobotlar shakllantirilishini oʻrganish orqali budjet intizomini mustahkamlash;
masofaviy auditni qoʻllagan holda, budjet mablagʻlaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish xavflarini aniqlash, minimallashtirish, ularni sodir etishga imkoniyat yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish orqali budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlari profilaktikasini amalga oshirish;
rivojlantirish dasturlarining samaradorligi natijalarini tahlil qilish va baholash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish orqali budjet xarajatlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish;
Tizim tashkilotlarini moliyalashtirish jarayoniga axborot texnologiyalari tatbiq etilishini baholash orqali ulardan foydalanish samaradorligini oʻrganish va rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
14. Ichki audit xizmati boshqarmasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1. budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini tahlil qilish va baholash, budjet hisobining yuritilishi hamda moliyaviy hisobotlar shakllantirilishini oʻrganish orqali budjet intizomini mustahkamlash boʻyicha:
budjet tizimi budjetlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish jarayonini, yaʼni xarajatlar smetasi va jamlanma xarajatlar smetasi, daromadlar va xarajatlar smetasi, shtatlar jadvali hamda ularga qoʻshimcha hujjatlarni tuzish, tasdiqlash va ijro etish tartibi va jarayonlarini oʻrganadi va baholaydi;
budjet tizimi budjetlari mablagʻlarining ularni olish (ulardan foydalanish) shartlariga muvofiq boʻlgan maqsadlarga yoʻnaltirilishini oʻrganadi;
mehnatga haq toʻlash boʻyicha belgilangan razryadlarga, lavozim maoshlari, ustamalar, ish haqiga qoʻshimchalar va boshqa toʻlovlar miqdorlariga rioya etgan holda, toʻlovlar amalga oshirilishini tahlil qiladi;
budjetdan ajratiladigan mablagʻlar normativlarga muvofiq xarajatlar smetasiga kiritilishini oʻrganadi;
xodimlarning belgilab qoʻyilgan cheklangan umumiy soniga, xodimlarning toifalari oʻrtasidagi oʻzaro nisbat normativlariga, namunaviy shtat normativlariga, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibiga, shtat jadvallarini tuzishning belgilangan tartibi va normativlariga rioya etilishini oʻrganadi;
moliyaviy hisobotlarning ishonchliligi, asoslangani, toʻliqligi hamda toʻgʻri shakllantirilganini oʻrganish orqali ular yuzasidan rahbariyatga ishonchli maʼlumotlar taqdim etadi;
asossiz debitor va kreditor qarzdorliklarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan mavjud debitor va kreditor qarzdorliklar holati, ularning kelib chiqish sabablari hamda manbalarini oʻrganish orqali barcha turdagi debitor va kreditor qarzdorliklarni qisqartirish, ularning yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
aktivlardan foydalanish va ularning saqlanishini baholash orqali doimiy butligi va ishga yaroqliligini oʻrganadi hamda ularning natijalari yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
aniqlangan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishi holatlari statistikasini yuritadi va ular yuzasidan Vazirlik rahbarini xabardor qilib boradi;
davlat xaridlarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishini hamda xarid komissiyalari faoliyatini oʻrganadi;
xarid qilingan tovarlar maqsadga muvofiqligi, toʻgʻri kirim qilinishi, ulardan maqsadli va samarali foydalanilishini oʻrganadi;
xoʻjalik shartnomalarini bajarmaganlik yoki tegishli darajada bajarmaganlik uchun taraflarning javobgarliklari bajarilishini oʻrganadi;
faoliyat va uni moliyaviy taʼminlashni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etmaslik holatlari mavjudligi ehtimolini oʻrganadi;
budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida tushuntirish va tavsiyalar beradi;
ichki audit tadbiri natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kiritilgan taklif va tavsiyalar bajarilishini nazorat qiladi;
davlat moliyaviy nazorat organlari hamda boshqa vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari bilan hamkorlik qiladi;
moliya-buxgalteriya xodimlari tarkibini mustahkamlash masalalari boʻyicha tavsiyalar tayyorlaydi;
1. masofaviy auditni qoʻllagan holda, budjet mablagʻlaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish xavflarini aniqlash, minimallashtirish, ularni sodir etishga imkoniyat yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish orqali budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishi holatlari profilaktikasini amalga oshirish boʻyicha:
masofaviy auditni keng koʻlamda qoʻllash, zamonaviy axborot texnologiyalari va maʼlumotlar bazasi vositasida ichki audit obyektlari va yoʻnalishlarini aniqlash yoʻli bilan ichki audit tadbirlari samaradorligini oshiradi;
xavf tahlilini amalga oshirish orqali mablagʻlardan samarasiz foydalanish holatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
moliyaviy taʼminlashni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlardagi oʻzaro nomuvofiqliklar, kamchiliklar va boʻshliqlarni aniqlash orqali ularni bartaraf etish va takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
davlat moliyaviy nazorati organlari tomonidan oʻtkazilgan moliyaviy nazorat va tashqi audit natijalari boʻyicha aniqlangan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlariga kelgusida yoʻl qoʻymaslik va oldini olish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
tizim tashkilotlarida budjet mablagʻlari boshqarilishi va budjet hisobi yuritilishini maxsus avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulotlar vositasida monitoring qiladi;
maxsus axborot tizimlaridan foydalangan holda, tender (tanlov) savdolarining oʻtkazilishi va shartnomalar tuzilishini monitoring qiladi;
budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishi holatlari profilaktikasi va ularning oldini olishni nazarda tutadigan istiqbolli yoʻnalishlar boʻyicha takliflar beradi;
moliyaviy-iqtisodiy masalalarga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy va ichki idoraviy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonida tizim tashkilotlari vazifalarining toʻliq hajmda, oʻz muddatida va sifatli bajarilishini, iqtisodiy tejamkorlik, moliyaviy maqsadga muvofiqlik nuqtayi nazaridan koʻrib chiqadi;
moliyaviy xato va kamchiliklarning oldini olish maqsadida masofaviy auditning maxsus modullarini ishlab chiqish va dasturiy majmualarga joylashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
sohaga oid seminarlar, treninglar va boshqa shu kabi tadbirlarda ishtirok etadi yoki ularni tashkil qiladi;
1. v) rivojlantirish dasturlarining samaradorligi natijalarini tahlil qilish va baholash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish orqali budjet xarajatlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish boʻyicha:
tizim tashkilotlarining rivojlantirish dasturlarining samaradorlik (maqsadli) indikatorlari ijrosi natijalarini tahlil qiladi va baholaydi hamda sohaga taalluqli samaradorlikning yangi indikatorlarini joriy etish yuzasidan takliflar kiritadi;
tizim tashkilotlarining vazifalarini bajarish uchun shakllantirilgan tarkibiy tuzilma va uning tarkibidagi lavozimlar, boʻysunuv va hisobdorlikni yaxshilash boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
tizim tashkilotlarining takrorlanuvchi va samarasiz vazifa hamda funksiyalarini aniqlash va baholash orqali ularni optimallashtirish, davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritishni yoʻlga qoʻyish yoki toʻliq xususiy sektorga oʻtkazish boʻyicha taklif va tavsiyalar beradi;
mavjud moddiy, moliyaviy va inson resurslaridan samarali foydalangan holda yuqori natijadorlikka erishish, xususan, qoʻshimcha faoliyatni tashkil etish orqali budjetdan tashqari jamgʻarmalarga daromadlarni shakllantirish va oshirish imkoniyatlari boʻyicha taklif kiritadi;
budjetdan tashqari jamgʻarmalarni shakllantirish va ulardan foydalanish yuzasidan tahlillar oʻtkazish orqali daromadlarni oshirish va mablagʻlardan oqilona foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
budjet tizimi budjetlaridan subsidiyalar ajratilishi maqsadga muvofiqligini, ajratilayotgan subsidiyalarning maqsadliligi va manzilliligini hamda samaradorligini baholaydi;
1. g) Tizim tashkilotlarini moliyalashtirish jarayoniga axborot texnologiyalari tatbiq etilishini baholash orqali ulardan foydalanish samaradorligini oʻrganish va rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish boʻyicha:
dasturiy taʼminotlar va axborot texnologiyalarining tatbiq etilishi holatini baholaydi hamda tizim tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga mosligini oʻrganadi;
dasturiy taʼminotlardan olinadigan moliyaviy maʼlumotlar toʻgʻri va toʻliq shakllanganini baholaydi;
dasturiy majmualardan foydalanish tartiblari, bosqichlari va jarayonlari samaradorligini baholash orqali ularni maqbullashtirish va takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya va raqamli texnologiyalarni tatbiq etish orqali faoliyatning yanada samarador va natijador boʻlishini taʼminlashga qaratilgan takliflar tayyorlaydi.
4- bob. Ichki audit xizmati boshqarmasining huquq va majburiyatlari
15. Ichki audit xizmati boshqarmasi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
ichki audit faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni elektron, ogʻzaki hamda yozma shaklda soʻrash va olish;
oʻz vakolatlarini mustaqil ravishda, faqat qonunchilik hujjatlariga boʻysungan holda amalga oshirish;
oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun real vaqt rejimida davlat organlari va tashkilotlarning maʼlumotlar bazasidan foydalanish;
ichki audit obyekti mansabdor shaxs hamda ichki audit tadbiri oʻtkazilayotgan sohaga masʼul boʻlgan shaxslardan yuzaga kelayotgan masalalar boʻyicha tushuntirish olish;
ichki audit obyektlarining tegishli xodimlaridan ichki audit tadbirlari natijalari boʻyicha hujjatlarni imzolashni soʻrash;
davlat moliyaviy nazorati organlari bilan ichki audit obyekti faoliyatiga doir maʼlumotlarni almashish;
ichki audit faoliyatini amalga oshirishda maxsus kasbiy bilimlarni talab etadigan masalalarni koʻrib chiqish uchun tizim tashkilotlarining tuzilmasidagi mutaxassislarni jalb etish;
ichki audit tadbirlarini oʻtkazish maqsadida qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan hollarda, ichki audit obyektining barcha binolariga, shuningdek, elektron va qogʻoz arxivlari hamda dasturiy majmualariga kirish va ulardan foydalanish;
tizim tashkilotlari tomonidan chaqiriladigan moliyaviy-iqtisodiy masalalarga tegishli yigʻilishlarda ishtirok etish;
jinoyat alomatlari aniqlangan hollarda, kassa va kassa binolari, omborlar, arxivlar va boshqa binolarni muhrlash, qalbakilashtirish, soxtalashtirish va boshqa suiisteʼmolliklar alomatlari aniqlangan taqdirda, ichki audit obyektidan tegishli hujjatlarni olib qoʻyish, shuningdek, tizim tashkilotlarining mansabdor shaxslaridan asosiy vositalar, tovar-moddiy boyliklar, pul mablagʻlari va hisob-kitoblar xatlovdan oʻtkazilishini talab qilish;
ichki audit faoliyati natijalarini qayd etish uchun texnik vositalardan, shu jumladan, audio-foto va video qayd etish vositalaridan foydalanish;
Ichki audit xizmati boshqarmasining xodimi bilan ichki audit tadbirlarini oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydigan holatlar yuzaga kelgan taqdirda, ichki audit tadbirini oʻtkazishni rad etish, toʻxtatish;
tizim tashkilotlaridagi moliyaviy-iqtisodiy masalalar boʻyicha tuzilmalar bilan hamkorlikda xodimlarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan uchrashuvlar, seminarlar, tanlovlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish;
ichki audit faoliyatiga taalluqli boʻlgan ichki idoraviy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlik rahbariyatiga kiritish.
Ichki audit xizmati boshqarmasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
16. Ichki audit xizmati boshqarmasi majburiyati quyidagilardan iborat:
ichki audit faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish, oʻz vakolat doirasidan chetga chiqmaslik;
ichki audit tadbirlarini xolis, subyektiv fikrlarning taʼsir qilishiga yoʻl qoʻymagan holda amalga oshirish;
ichki audit xizmati xodimlari tomonidan ichki audit xizmati obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlarni amalga oshirmasdan hamda odob-axloq qoidalariga rioya etgan holda ichki audit tadbirlari oʻtkazilishini taʼminlash;
aniqlangan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishi holatlari, moliyaviy xato va kamchiliklar, maqsadsiz va noqonuniy xarajatlar, pul mablagʻlari va tovar-moddiy boyliklar kamomadi yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri Vazirlik birinchi rahbariga xabar berish;
jinoyat alomatlari, korrupsiyaga doir huquqbuzarliklar alomatlari (shu jumladan, ichki audit tadbirini amalga oshirgan shaxslar tomonidan) aniqlangan taqdirda, tegishli choralar koʻrish (hujjatlashtirish, oldini olish choralarini koʻrish) va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga materiallarni yuborish yuzasidan Vazirlik birinchi rahbarini xabardor qilish;
ichki audit faoliyati natijalariga doir hujjatlarda bayon etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi, asosliligi, xolisligi va toʻliqligini taʼminlash;
ichki audit faoliyatini amalga oshirishda axborot xavfsizligi talablariga rioya qilish;
ichki audit tadbirlari natijalarini belgilangan tartibda rasmiylashtirish; olingan hujjatlarning but saqlanishi va qaytarilishini taʼminlash;
muntazam ravishda ichki audit tadbiri natijalari yuzasidan Vazirlik birinchi rahbariga maʼlumot kiritish;
“Davlat auditi” dasturiga ichki audit tadbirlari rejalari kiritilishini, barcha ichki audit tadbirlari roʻyxatdan oʻtkazilishini va ularning natijalari, budjet xarajatlari va rivojlantirish dasturlarining maqsadli indikatorlari ijrosini baholash natijalari kiritilishini taʼminlash;
budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishi holatlarini, ularni sodir etishga imkoniyat yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida ichki audit obyektlariga bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar kiritish;
bir ish kuni ichida oʻzi aniqlagan va vakolati doirasida hal etish imkoni boʻlmagan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishi holatlari yuzasidan Vazirlik birinchi rahbariga maʼlumot kiritgan holda, rahbar topshirigʻiga asosan V Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasini xabardor qilish;
xoʻjalik shartnomalarini bajarmaganlik va tegishli darajada bajarmaganlik uchun “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan javobgarlik choralarini qoʻllash uchun Vazirlik birinchi rahbariga maʼlumot kiritgan holda, rahbar topshirigʻiga asosan Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasini xabardor qilish;
ichki audit tadbirida aniqlangan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishi holatlarini bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarning bajarilishini monitoring qilib borish;
ichki audit tadbirlarini oʻtkazish vaqtida soʻralgan hujjat va materiallarni tizim tashkilotlari mansabdor shaxslari tomonidan taqdim etmaslik holatlari boʻyicha dalolatnomalar tuzish;
ichki audit obyekti mansabdor shaxslarining tushuntirishlar berish va ichki audit tadbiri natijalari boʻyicha rasmiylashtiriladigan hujjatlarni imzolashdan bosh tortganliklari toʻgʻrisida dalolatnoma tuzish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy rioya qilish;
davlat, tijorat va xizmat sirlarini oshkor etmaslik;
belgilangan vazifa va funksiyalarini bajarishda korrupsiya holatlarining, shu jumladan, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish choralarini koʻrish;
ish yuritishni belgilangan tartibda olib borish, ichki audit tadbirlari boʻyicha toʻplangan hujjatlarning nusxasini qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatda saqlash hamda hisobini yuritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Vazirlikning Davlat organlarining ichki audit tuzilmalari faoliyatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasiga oʻz faoliyati yuzasidan soʻralgan boshqa maʼlumotlarni taqdim etish.
Ichki audit xizmati boshqarmasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
5- bob. Ichki audit xizmati boshqarmasining hisobdorligi
17. Ichki audit xizmati boshqarmasi bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziriga hisobdordir.
18. Ichki audit xizmati boshqarmasi Vazirlikning Davlat budjeti siyosati departamentining Davlat organlarining ichki audit tuzilmalari faoliyatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasiga ichki audit xizmati boshqarmasi faoliyati natijalari yuzasidan hisobot choragidan keyingi oyning 20-sanasigacha choraklik hisobot hamda hisobot yilidan keyingi yilning 25-yanvariga qadar yillik hisobot taqdim etadi.
6- bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
20. Mazkur Nizomning 10-bandi 2024-yil 1-yanvardan boshlab amal
Ichki audit bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 9-apreldagi 23-70-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Ichki audit xizmati boshqarmasi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom asosida vazirlik markaziy apparatida 7 ta shtat birligidan iborat Ichki audit xizmati boshqarmasi tashkil etilgan bo‘lib, barcha xodimlar malaka sertifikatiga ega.
Boshqarma to‘g‘risida
Ichki audit xizmati boshqarmasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, Vazirlik qarorlari va buyruqlariga, shuningdek, Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
Ichki audit xizmati boshqarmasi tizim tashkilotlarida ichki audit faoliyatini amalga oshirishga mas’ul hisoblanadi, lekin tizim tashkilotlarining asosiy faoliyati natijalariga javobgar hisoblanmaydi.
Ichki audit xizmati boshqarmasi tomonidan ichki audit maqsadlari va vazifalarini amalga oshirish uchun ichki audit obyektlarida, shu jumladan, fuqarolar ishtirokidagi audit tizimi orqali aniqlangan obyektlarda ichki audit tadbirlarini o‘tkazadi, natijalarini rasmiylashtiradi hamda taklif va tavsiyalar tayyorlaydi. Ichki audit tadbirlari Vazirlik rahbariyati tomonidan tasdiqlangan ichki audit yillik rejasi asosida xodimlar tomonidan, ichki auditning milliy standartlari va ichki audit tadbirlarini o‘tkazish qo‘llanmasi asosida o‘tkazib kelmoqda.
Ichki audit xizmati boshqarmasining asosiy vazifalari:
budjet to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini tahlil qilish va baholash, budjet hisobining yuritilishi hamda moliyaviy hisobotlar shakllantirilishini o‘rganish orqali budjet intizomini mustahkamlash;
masofaviy auditni qo‘llagan holda, budjet mablag‘laridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish xavflarini aniqlash, minimallashtirish, ularni sodir etishga imkoniyat yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish orqali budjet to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlari profilaktikasini amalga oshirish;
rivojlantirish dasturlarining samaradorligi natijalarini tahlil qilish va baholash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish orqali budjet xarajatlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish;
Tizim tashkilotlarini moliyalashtirish jarayoniga axborot texnologiyalari tatbiq etilishini baholash orqali ulardan foydalanish samaradorligini o‘rganish va rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Amalga oshirilgan ishlar
Ichki audit xizmati boshqarmasining 2024-yil uchun tasdiqlangan ish rejasiga asosan 12 ta audit tadbiri uchun 62 ta audit obyektlari tanlangan bo‘lib shundan, 1-yarim yillikda 6 ta audit tadbirida 33 ta audit obyektlarida audit tadbirlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan audit tadbirlarida aniqlangan holatlar bo‘yicha audit obyektlari rahbarlariga xato va kamchiliklarni tegishli tartibda bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berilgan. Shu bilan birga masofaviy auditni qo‘llagan holda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha xavflar tahlil qilingan holda oldini olish bo‘yicha amaliy ishlar qilib kelinmoqda.
Ichki audit xizmati boshqarmasi tomonidan doimiy ravishda tizimda xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, davlat xaridlari, debitor va kreditor qarzdorliklar, tovar-moddiy boyliklar hisobi, moliyaviy hisobotlarni ko‘rsatkichlarini to‘g‘ri yuritilishi bo‘yicha taklif va tavsiyalar va amaliy yordam berib borilmoqda.
Fuqarolar ishtirokidagi audit tadbirlarini amalga oshirish uchun har chorak birinchi oyini birinchi sanasiga qadar fuqarolar tomonidan tanlanishi mumkin bo‘lgan nazorat obyektlari ro‘yxatini “Davlat auditi” dasturiga kiritish ishlarini amalga oshirmoqda. 3-chorak uchun fuqarolar tomonidan tanlangan 2 ta audit obyektida audit tadbirlari amalga oshiriladi. Ichki audit xizmati tomonidan o‘tkazilgan audit tadbirlari natijasi bo‘yicha rasmiylashtirilgan hisobotlari “Davlat auditi” dasturiga kiritib boriladi.
