“Tashabbusli budjet” loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
2024-02-01 14:30:00 / Matbuot anjumanlari

Mazkur tadbirda vazirlik tomonidan Davlat budjeti siyosati departamenti direktori Sherzod Muxamedov, Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv markazi direktori Iroda Xamidova, Davlat budjeti siyosati departamenti bo‘lim boshlig‘i Azimjon Xasanov hamda mazkur departament xodimlari ishtirok etishdi.
Anjuman davomida vazirlik mutaxassislari tomonidan “Tashabbusli budjet” jarayonining joriy yil 1-mavsumi uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etildi hamda mutaxassislar tomonidan loyihalar kiritish bo‘yicha tavsiyalar berib o‘tildi.
Ma’lumot uchun, vazirlik tomonidan “Tashabbusli budjet” jarayonining 1-mavsumiga loyiha kiritish bosqichi 1-fevraldan boshlanib, 20-fevralga qadar davom etishi e’lon qilingan edi.
Joriy mavsum uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tuman/shahar budjetlari hisobidan jami 3,0 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi kutilayotgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, mas’ullar tomonidan loyiha kiritish jarayonida fuqarolar nimalarga e’tibor qaratishlari lozimligi yuzasidan tavsiyalar berib o‘tildi.
Matbuot anjumanida mutaxassislar jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berdilar.
2023-yilda “Tashabbusli budjet” jarayonlari uchun 2022-yilga nisbatan qariyb ikki baravarga ko‘p mablag‘ yo‘naltirilib, o‘tkazilgan ikkita mavsum doirasida mahallalarda umumiy qiymati 4,2 trln so‘mlik 4 183 ta loyiha amalga oshirilishiga erishildi.
Shu bilan birga, ushbu jarayonlarda ilk bor respublikaning barcha mahallalari ishtirok etib, fuqarolar tomonidan o‘rtacha 14 milliondan ortiq (avvalgi yilga nisbatan 9 millionga ko‘p) ovoz berildi.
Loyihalarning holatini to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatib borish va tahlil qilish imkonini berish maqsadida “Ochiq budjet” axborot portalida maxsus sahifa, ya’ni “dashboard” ishga tushirildi.
Ushbu sahifa orqali tegishli mavsumlar bo‘yicha hududlar kesimida loyihalarning ijrosi, holati va boshqa ma’lumotlarni real vaqt ko‘rinishida kuzatib borish imkoniyati yaratildi.
Fuqarolarning taklif va istaklarini inobatga olgan holda, “Tashabbusli budjet” jarayonlarini yanada takomillashtirish maqsadida ushbu jarayonlarni o‘tkazish bilan bog‘liq normativ hujjatlar qayta ko‘rib chiqilgan holda amaldagi tartibga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Bunda, kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bevosita fuqarolarning xohish va istaklaridan kelib chiqqan holda joriy etilmoqda.
Bunga ko‘ra, endilikda:
“Tashabbusli budjet” jarayonlari “Bir fuqaro – bir ovoz” tamoyili asosida o‘tkazilishi;
“Mening yo‘lim” loyihasi har yili “Tashabbusli budjet” jarayonining birinchi mavsumi bilan birlashtirilgan holda o‘tkazilishi;
loyihalarni saralab olishda shaffoflik va haqqoniylikni ta’minlash maqsadida Ishchi komissiya yangilangan tarkib asosida shakllantirilishi;
xarid qilish bilan bog‘liq loyihalar tegishli vazirliklar tomonidan tasdiqlangan elektron reyestr asosida shakllantirilishi;
asossiz ravishda loyihalarni rad etish holati kuzatilgan tuman va shaharlarda saralash bosqichi vakolatli organ tomonidan amalga oshirilishi;
kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan pudratchilarni “Shaffof qurilish” tizimining Insofsiz ijrochilar yagona reyestriga kiritish choralari ko‘rilishi nazarda tutilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati




