Yashil startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida eng yaxshi startaplarni saralab olish maqsadida “Pitch Day” o‘tkazildi
2024-03-20 17:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Ma’lumot uchun: Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik agentligi (GIZ) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda yashil sanoatlashtirishni rivojlantirish” loyihasi doirasida U-Enter Innovatsion tadbirkorlik markazi bilan birgalikda Yashil startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi amalga oshirilmoqda. Dastur doirasida talabgorlardan 258 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, ulardan 20 tasi final bosqichiga chiqqan.
Tadbir davomida yosh va mahoratli startaperlar "yashil" iqtisodiyot hamda "yashil" sanoatlashtirishga qaratilgan g‘oyalari va ishlanmalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflarini taqdimot qilishdi. Startaperlar tomonidan chiqindilarni boshqarishning barqaror tizimi, quyosh panellari samaradorligini oshirish, energiya tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqish, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining yangi turlari, sanoatdagi chiqindi suvlarni tozalash va qayta foydalanish kabi loyihalar taklif etildi.
Tanlovning yakuniy bosqichi natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan loyihalarga “O‘zbekistonda yashil sanoatlashtirishni rivojlantirish” loyihasi doirasida Germaniya xalqaro hamkorlik agentligi (GIZ) tomonidan loyihaning rivojlanish bosqichini hisobga olgan holda 20 million so‘mdan 400 million so‘mgacha grant mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, g‘olib bo‘lgan loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilib, amaliyotga joriy etilgan taqdirda keyingi bosqichlarida ularga tashkilotchilar tomonidan qo‘shimcha ko‘maklar jalb qilinishi mumkin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati




