Auditorlik faoliyati sohasida 2025-yil I yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar
2025-07-28 16:50:00 / Vazirlik yangiliklari

1 226 nafar auditorning 38 foizida buxgalterlarning xalqaro sertifikatiga (CIPA, ACCA, DipIFR, CPA va boshqalar) ega boʻlganlar mavjud. 2025-yil holatiga koʻra, 76 foiz erkak, 24 foiz auditorlar xizmat koʻrsatib kelmoqda.
2025-yil I yarim yilligi holatiga xalqaro auditorlik tashkilotining yoki xalqaro assotsiatsiyaning aʼzolari boʻlgan auditorlik tashkilotlari soni 32 taga yetdi. Oʻtgan yilning shu davrida mazkur koʻrsatkich 26 tani tashkil etgan.
Auditorlik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini taʼminlash va ularni davlat organlari bilan oʻzaro hamkorligi sohasiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha “Audit” dasturiy majmuasi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. Hozirgi vaqtda “Audit” dasturiy majmuasi http://audit.mf.uz va https://audit.imv.uz veb-sahifalarida ishlab kelmoqda. Ushbu dasturiy majmua orqali auditorlik tashkilotlari faoliyati monitoringi olib borilmoqda.
Shu bilan birga, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining (Departament) “Markaz” (https://cabinet.prodepartament.uz) yagona axborot tizimida 163 ta auditorlik tashkilotining maʼsul xodimlari roʻyxatdan oʻtkazildi.
2025-yildan boshlab Departament bilan birgalikda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizm va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish (JFODL/TM/OQQTMQK) milliy tizimini oʻzaro baholashning III raundiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha ishlar olib borilmoqda hamda tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasi doirasida hisobot tayyorlandi.
Shuni ham taʼkidlash joizki, bugungi kunda auditorlik tashkilotlarini Reestrga kiritish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
· talabgor Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali (https://my.gov.uz) elektron shaklda ariza yuboradi;
· mazkur ariza https://audit.imv.uz elektron platformasi orqali qabul qilinadi va belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi;
· koʻrib chiqish natijasi boʻyicha auditorlik tashkilotni reestrga kiritish yoki arizani rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Shu bilan birgalikda, auditorlik faoliyatiga doir normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. Auditning xalqaro standartlarining (AXS) davlat tilidagi matnini koʻrib chiqish Komissiyasining ish reglamenti tasdiqlandi. Shuningdek, Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan Institutsional salohiyatni oshirish (ICBP) loyihasi doirasida AXSni tarjima qilish boʻyicha tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Auditorlik faoliyati sohasida xalqaro hamkorlik doirasida Jahon bankining Oʻzbekiston Respublikasida Buxgalteriya hisobi va audit standartlari va qoidalariga rioya etilishi toʻgʻrisidagi hisobot (ROSC — “Reports on the Observance of Standards and Codes”) jarayonlariga bagʻishlangan bir qator uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. AA ROSC baholashlari maqsadi — Oʻzbekistonning buxgalteriya hisobi va audit tizimini rivojlantirish, xalqaro standartlarga muvofiqligini oshirish hamda bu sohadagi institutsional bazani takomillashtirishga yoʻnaltirilgan.
Shuningdek, xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, auditorlik tashkilotlari ishi sifatini oshirish maqsadida Xalqaro mustaqil audit regulyatorlari forumi (IFIAR — “International Forum of Independent Audit Regulators”) 2025-yilgi Plenar yigʻilishida auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida IFIAR’ga aʼzo boʻlish uchun kuzatuvchi sifatida ishtirok etildi. Bugungi kunda mazkur tashkilotga aʼzo boʻlish uchun bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati
