"O‘zbekiston iqtisodiy kelajakka optimistik nazar bilan qaramoqda" - Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari
2025-05-05 18:20:00 / OAV biz haqimizda

O‘zbekiston yangi global tahdidlar va jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar mavjudligiga qaramay, islohotlar yo‘nalishiga sodiq qolmoqda. Bu haqda 5-may kuni Milanda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot bankining 58-yillik yig‘ilishi ochilishida O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda "Gazeta.uz" muxbiri.
Uning aytishicha, 2017 yilda boshlangan islohotlar mamlakatga jiddiy tashqi zarbalar - COVID-19 pandemiyasi, geosiyosiy beqarorlik, jahon iqtisodiyotidagi savdo keskinliklari va tashqi bozorlardagi tebranishlarni yengib o‘tish imkonini berdi.
"Kuchli rahbarlik va murakkab, ammo hayotiy zarur makroiqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga bo‘lgan siyosiy iroda tufayli yalpi ichki mahsulotimiz 2018-yildan buyon ikki barobar oshib, 2024-yilda 115 milliard dollarga yetdi, aholi jon boshiga YaIM esa 3 ming dollardan oshdi," - dedi u.
Norqulov ta’kidlaganidek, bu yutuqlarga xalqaro hamkorlar, ayniqsa, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonga rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari uchun 5,4 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratgan Osiyo taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlik tufayli erishildi.
"Shuningdek, biz OTBdan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, ekologik o‘tish hamda islohotlar dasturlarini tayyorlash va amalga oshirish doirasida institutsional salohiyatni oshirish sohasida sezilarli texnik yordam oldik," - dedi u.
O‘zbekiston OTB bilan 2024−2028-yillarga mo‘ljallangan sheriklik strategiyasiga asoslanib, bank va boshqa manfaatdor tomonlar bilan O‘zbekistonni yanada barqaror, inklyuziv va "yashil" iqtisodiyotga aylantirish bo‘yicha umumiy qarash doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirmoqda.
Yangi maqsadlar: aholi jon boshiga 5000 dollargacha o‘sish va barqaror rivojlanish
Ilhom Norqulovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston "iqtisodiy kelajakka nisbatan optimizmni saqlab qolmoqda": yangilangan milliy maqsad - global noaniqlik saqlanib qolayotganiga qaramay, 2030-yilgacha aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini (YAIM 200 milliard dollar bo‘lgan holda) 5000 dollarga yetkazishdir.
"Bu ulkan maqsad ekanligini tushunamiz, ammo o‘z salohiyatimiz va unga erishish qobiliyatimizga ishonamiz. 2025−2026 yillarda iqtisodiy o‘sish kamida 6 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqdamiz," - dedi u.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbarining birinchi o‘rinbosari yangi global beqarorlik va jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar sharoitida O‘zbekiston islohotlar yo‘liga sodiq qolishini ta’kidladi. Muvaffaqiyat ko‘rsatkichlaridan biri - 2017-yildan 2024-yilgacha Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobarga oshib, 3,3 milliard dollardan 8,1 milliard dollarga yetganidir.
"Bu mintaqa iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonch va bashorat qilish imkoniyati ortib borayotganidan dalolat beradi. Biz ushbu sur’atni saqlab qolish hamda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz," - deb ta’kidladi Ilhom Norqulov.
OTB bilan hamkorlikning yangi ustuvor yo‘nalishlari
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vitse-prezidenti Yingming Yang, Ilhom Norqulov va OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya.
Birinchi o‘rinbosar vazir O‘zbekiston OTB tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga umid qilayotgan uchta yo‘nalishni belgilab berdi.
Xususan, mintaqaviy aloqadorlikni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi birgalikda kurashish va suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish haqida so‘z bormoqda. OTB ushbu sa’y-harakatlarga salohiyatni oshirish dasturlari va mintaqaviy loyihalar orqali ko‘maklashishi mumkin.
Shuningdek, loyihalarni amalga oshirish tartib-qoidalarini soddalashtirish va milliy xarid tizimlaridan foydalanish taklif etilmoqda.
"Jahon banki tomonidan ijobiy baholanganidan so‘ng, O‘zbekistonda davlat xaridlari muddati 4-6 oydan 10 kungacha qisqardi. Institutsional salohiyatimiz o‘sib borayotganini hisobga olgan holda, OTB ham loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish uchun xuddi shunday yondashuvni qo‘llash vaqti keldi, deb hisoblaymiz," - dedi Norqulov.
U OTBning institutsional o‘zgarishini olqishladi va ekspertlik salohiyatini mintaqaviy markazlarga yanada ko‘proq nomarkazlashtirish tarafdori ekanligini bildirdi, ayniqsa, texnik yordam, iqlim tashabbuslari, suv resurslarini boshqarish va transport aloqalari bo‘yicha so‘rovlarga tezroq javob berish maqsadida.
Ilhom Norqulov so‘zining yakunida Markaziy Osiyo barqaror o‘sishni namoyish etayotganini ta’kidlab, mintaqaning umumiy tashqi savdo aylanmasi 2024-yilda deyarli 95 milliard dollarga yetganini qayd etdi.

