Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Moliya vazirlari va Markaziy bank raislari uchrashuvi boʻlib o‘tdi
2025-06-05 14:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv davomida ishtirokchilar ShHT Moliya vazirlari va Markaziy bank raislari yigʻilishining mintaqaviy iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlashdagi muhim rolini taʼkidladi. Shuningdek, Tashkilot doirasida loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari, xususan, ShHT Taraqqiyot bankini tashkil etish boʻyicha fikr almashildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston vakillari makroiqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirishdagi amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish hamda investitsiyalar oqimini oshirishda davlat-xususiy sheriklik va xususiylashtirish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish muhim ekanligini taʼkidladi.
Uchrashuv doirasida global iqtisodiy beqarorlik, texnologik o‘zgarishlar va iqlim xavflari fonida risklarni tahlil qilish hamda tizimli baholash zarurligiga urg‘u berildi. Bu borada ShHT moliyaviy-iqtisodiy tahliliy markazlar tarmog‘ining ishga tushirilayotganligi mamnuniyat bilan eʼtirof etildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar ShHT doirasida moliyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, o‘zaro savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish, shuningdek, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha qo‘shma saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati




