IFAD bilan sut mahsulotlari bo‘yicha yangi loyiha doirasida bitim imzolandi
2025-04-28 18:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari, IFADning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi vakillari, loyiha guruhlari hamda tegishli vazirlik va idoralar mas’ul rahbarlari ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda IFAD ishtirokida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan loyihalar portfeli, ularning samaradorligi hamda ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri muhokama qilindi. Shuningdek, kichik ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ayollar va yoshlar ishtirokini kengaytirish, moliyaviy xizmatlarga kirish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan yangi tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv doirasida tomonlar o‘rtasida “Sut mahsulotlari qiymat zanjirini rivojlantirish – II bosqich” loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha moliyaviy bitim imzolandi.
Mazkur bitim doirasida IFAD tomonidan 37,8 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratilishi rejalashtirilgan. Loyiha Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshiriladi va kichik ishlab chiqaruvchilar, ayollar hamda yoshlarning sut mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlashdagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar IFAD bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan, barqaror qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va iqlimga moslashuv sohalarida yangi tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati

