Germaniyaning Berlin shahrida Xalqaro mustaqil audit regulyatorlari forumining (IFIAR) Plenar yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2025-04-15 15:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Maʼlumot uchun: IFIAR (International Forum of Independent Audit Regulators) tashkilotining asosiy maqsadi global miqyosida audit sifatini oshirish orqali jamoat manfaatlariga, shu jumladan investorlarga xizmat qilishdan iborat. Hozirgi kunda IFIAR dunyo boʻylab 56 ta yurisdiksiya (Amerika, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Niderlandiya, Singapur va boshqalar)dagi mustaqil audit regulyatorlarini oʻz ichiga oladi.
Plenar yigʻilish doirasida xalqaro audit bozoridagi tendensiyalar, barqarorlik hisobotlarini tekshirish amaliyoti, sunʼiy intellektning audit sohasidagi oʻrni, hamda kichik va oʻrta audit tashkilotlariga qaratilgan nazorat masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, GPPC (Global Public Policy Committee) guruhini tashkil etuvchi yirik xalqaro audit kompaniyalari – Deloitte, PwC, EY, KPMG va boshqalar audit sifatini yaxshilash, barqarorlik hisobotlarini audit qilishdagi yondashuvlar va xususiy kapital bozoriga taʼsiri haqidagi oʻz qarashlarini taqdim etdilar.
Plenar yigʻilish davomida Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari Otabek Barakayev IFIAR tashkiloti raisi Takashi Nagaoka, rais oʻrinbosari Kevin Prendergast, hamda ijrochi direktori Delon Abramslar bilan alohida uchrashuv oʻtkazib, Oʻzbekistonda auditorlik faoliyati sohasidagi soʻnggi islohotlar va joriy holati, Vazirlikning ushbu tashkilotga aʼzo boʻlishi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va qisqa muddatlarda aʼzo boʻlishi uchun qilinishi lozim boʻlgan ishlar batafsil muhokama qilindi.
Oʻzbekistonning IFIAR Plenar yigʻilishida ishtirok etishi va ushbu tashkilotga aʼzo boʻlishi mamlakat uchun bir qancha muhim va istiqbolli yutuqlarni taʼminlashga asos boʻladi. Bu nafaqat xalqaro maydondagi nufuzni oshiradi, balki ichki audit va moliyaviy nazorat tizimini ham rivojlantirishga xizmat qiladi, Yevropa Ittifoqi, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlar bilan audit va moliyaviy shaffoflik sohalarida hamkorlikni mustahkamlashga sabab boʻladi.
Shuningdek, audit nazorati va shaffof moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarga mos ekanini taqdim etish orqali Oʻzbekistonning investitsion nufuzi oshadi, xalqaro investorlar uchun ishonchli va barqaror moliyaviy muhit yaratiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati




