Xorijdan mablag‘ jalb qilishning zamonaviy moliyaviy instrumentlariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi
2025-03-14 12:17:00 / Tadbirlar

Tadbirda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Ko‘p tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligi (MIGA) hamda MUFG, “J.P.Morgan”, “Standard Chartered Bank”, “Raiffeisen Bank International” va “Citigroup” investitsiya banklarining ekspertlari tomonidan davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklari uchun xorijdan mustaqil ravishda mablag‘ jalb qilishning zamonaviy moliyaviy instrumentlariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.
Dastlab, Iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi Jasur Karshibayev “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarga erishish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. Bunda, davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklarini transformatsiya qilish hamda xorijdan mablag‘ jalb qilishda yangi moliyaviy instrumentlardan kengroq foydalanishning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
“UzAssets” AJ boshqaruv raisi Bobur Abdinazarov davlat ishtirokidagi korxonalarda amalga oshirilayotgan transformatsiya ishlari haqida ma’lumot berdi. Jumladan, 20 dan ortiq davlat korxonalari moliyaviy hisobotlari xalqaro standartlarga o‘tkazilayotganligi hamda 13 ta korxonalar xalqaro kredit reytingini olganligi ta’kidlab o‘tildi.
“Finasia Capital” bosh direktori Odilbek Isakov hozirda respublikada mavjud tashqi manbalardan mablag‘ jalb etish instrumentlari, xususan, xalqaro obligatsiyalar, sindikatlangan kreditlar, subordinatsiya qilingan qarzlar, ikki tomonlama kreditlar, EKA kreditlari, aylanma kredit liniyalari va savdo moliyalashtirish kreditlari bo‘yicha tanishtirib o‘tdi.
O‘z navbatida, “Raiffeisen Bank International” vakili Shota Jvaniya joriy yilning 26-27-mart kunlari London shahrida “O‘zbekiston investorlar kuni” tadbiri o‘tkazilishi hamda ushbu tadbirda respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar va tijorat banklari xalqaro investorlar bilan muzokaralar o‘tkazishi hamda o‘z loyihalarini taqdim etishi rejalashtirilganligi qayd etdi.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova, Osiyo taraqqiyot banki mamlakat operatsiyalari rahbari Mirzo-Iskandar Gulyamov, Xalqaro moliya korporatsiyasining O‘zbekistondagi vakili Nil Makkeyn, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Andi Aranitasi, Islom taraqqiyot banki vakili Xusan Xusanov, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki vakili Aleksey Shevchenko Ko‘p tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligi (MIGA) vakili Annabel Gastal hamda mazkur xalqaro moliya institutlarining mutaxassislari respublikada investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda davlat kafolatisiz xalqaro moliya institutlaridan mablag‘ jalb qilishning zamonaviy instrumentlari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar taqdim etdi.
Bunda, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) reytinglarining o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi. Xalqaro investorlar tobora ko‘proq ESG mezonlariga e’tibor qaratayotgani va O‘zbekiston korxonalari bu yo‘nalishda qanday islohotlar olib borishi kerakligi to‘g‘risida fikrlar bildirildi.
MUFG boshqaruvchi direktori Kristofer Marks, “J.P.Morgan” vitse-prezidenti Arseniy Loboyko, “Standard Chartered Bank” ijrochi direktorlari Lyusi Rahal va Desislava Radeva va “Citigroup” direktori Jeyson Zullo hamda mazkur investitsiya banklarining xalqaro ekspertlari tomonidan hozirgi kunda ommabop instrumentlardan sanalgan aralash moliyalashtirish (“Blended finance”), eksport kredit agentligi tomonidan moliyalashtirish (“ECA Financing”), infratuzilma va kapital xarajatlarni moliyalashtirish (“Infrastructure and Capex Financing”), muddatsiz obligatsiyalar (“Additional Tier 1”) va repo operatsiyalaridan foydalanish (“REPO”) instrumentlari yuzasidan batafsil axborot berildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati





