“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida dastlabki obyektlar ochilishi bo‘lib o‘tmoqda
2025-03-24 12:59:00 / Vazirlik yangiliklari

Ayni vaqtga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarida dastlabki 12 ta obyekt – maktabgacha ta’lim tashkilotlari, oilaviy poliklinikalar hamda mahalla markazlarining ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentabrdagi PQ-5246-sonli “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʼarmasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori asosida amalga oshirib kelinayotgan mazkur loyiha davomida 20 ta tumandagi jami 939 ta obyektda qurilish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan.
Ahamiyatli jihati shundaki, hududlarda qurilishi davom etayotgan ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlari mahalliy aholi istak va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, ularning bevosita ishtiroki orqali tanlangan bo‘lib, bunda mahallalarning ixtisoslashuvi hamda o‘ziga xosligi inobatga olingan.
Xususan, loyiha doirasida quriladigan 3 qavatli Mahalla maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari aholiga turli xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan bo‘lib, binoda go‘zallik saloni, sartaroshxona, dorixona, bank vakillari uchun maxsus xonalar, yoshlar uchun o‘quv markazlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektori uchun xizmat xonalari joylashadi. Shuningdek, mahalliy tadbirkorlarga imkoniyat sifatida tikuvchilik xonasi, maishiy texnika va qandolatchilik ustaxonalari va savdo do‘koni ham faoliyat ko‘rsatadi.
Bu kabi markazlar qishloq aholisi uchun ko‘p tomonlama qulaylik yaratish bilan bir qatorda, tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirish, bandlikni oshirish, mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda olis hududlarda dastlabki bosqichda 100 dan ortiq yangi qurilish bo‘yicha subloyihalar qizg‘in davom etmoqda, mukammal ta’mirlash va rekonstruksiyani o‘z ichiga oluvchi qolgan obyektlarda ham joriy yilning II-chorak yakuni bilan qurilishlar boshlanishi kutilmoqda.
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish orqali hududlarni kompleks rivojlantirish, ularda yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish va aholi turmush madaniyatini yuksaltirish maqsad qilingan.




