Buxgalteriya hisobi va audit sohalarining xalqaro standartlarga muvofiqligi baholanmoqda
2025-03-25 20:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur uchrashuv AA ROSC baholashlari doirasida oʻtkazilib, uning maqsadi – Oʻzbekistonning buxgalteriya hisobi va audit tizimini rivojlantirish, xalqaro standartlarga muvofiqligini oshirish hamda bu sohadagi institutsional bazani takomillashtirishga yoʻnaltirilgan.
Maʼlumot uchun: AA ROSC baholashlari Jahon banki tomonidan 121 tadan ortiq mamlakatlarda oʻtkazilgan xalqaro miqyosdagi tahlil jarayoni boʻlib, bu Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS, IFRS) va Auditning xalqaro standartlariga (AXS, ISA) oʻtish holatini baholash, xalqaro talablar asosida moliyaviy hisobot tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv davomida Jahon banki vakillari tomonidan AA ROSC baholashlarini oʻtkazish uchun tayyorlangan soʻrovnomalarning tegishli vazirlik va idoralar tomonidan toʻldirilish holati, ularda koʻtarilgan muhim masalalar, shuningdek, soʻnggi yillarda buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi qonunchilik normalaridagi oʻzgarishlar tahlil qilindi.
Jumladan, moliyaviy hisobdorlik va audit tizimi – xalqaro tajriba asosida korxonalarning hisobdorlik tizimini rivojlantirish, xalqaro standartlarga muvofiq audit tizimini joriy etish boʻyicha takliflar muhokama qilindi. Shuningdek, Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini joriy qilishda xalqaro talablar va yangi texnologiyalarni joriy etish zaruriyati qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ROSC loyihasi doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni qisqa muddatlarda yakunlab, natijalarni eʼlon qilish, Oʻzbekistonda moliyaviy hisobdorlik va auditni takomillashtirish, shuningdek, xalqaro standartlarga toʻliq integratsiya qilish boʻyicha birgalikda ish olib borishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati


