O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda
2025-03-19 12:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Fransiya tomonidan uchrashuvda “Expertise France” agentligining Bosh ijrochi direktori Jeremie Pellet, bosh direktor maslahatchisi Sara Boubakri, Fransiya Taraqqiyot Agentligining (AFD) Mintaqaviy koordinatori Louise Poudret Hardy, AFDning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Olivier Grandvoinet, “Expertise France” agentligining Barqaror va inklyuziv iqtisodiyot bo‘limi rahbari Severine Peters-Desteract, O‘zbekiston bo‘yicha texnik yordam dasturi rahbari Marina Moreau, O‘zbekiston bo‘yicha texnik yordam dasturi rahbari o‘rinbosari O‘tkirjon Xolbadalov hamda O‘zbekiston Energetika transformatsiyasi loyihasi guruhi rahbari Murod Saidaxamedov ishtirok etdilar.
Mazkur uchrashuvda, o‘zbek tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, vazir o‘rinbosari Umid Abidxadjayev, Yashil iqtisodiyotga oʻtish va rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Shoxzod Islamov, Yer islohotlari va hududlar master rejalarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig`i Sherzod Otaboyev, vazirlikning Yashil iqtisodiyot bo‘yicha maslahatchisi Jean-Luc Poget va boshqa tegishli mas’ul rahbar va mutaxassislar qatnashdilar.
Ma’lumot uchun: Fransiya Taraqqiyot Agentligi (AFD) — Fransiya hukumatining xalqaro taraqqiyot va moliyaviy hamkorlik sohasidagi asosiy instituti bo‘lib, barqaror rivojlanish va yashil iqtisodiyot loyihalarini moliyalashtirish va texnik ko‘mak ko‘rsatishga ixtisoslashgan. AFD dunyo bo‘ylab 115 ta davlatda faoliyat yuritadi.
Expertise France — AFD guruhining texnik hamkorlik sho‘ba tashkiloti bo‘lib, iqtisodiyot, ijtimoiy soha va ekologiya yo‘nalishlarida texnik yordam va konsultatsiya xizmatlarini taqdim etadi.
Uchrashuv davomida muhokama qilingan asosiy masalalar:
- “Yashil iqtisodiyot siyosatini kreditlash dasturi” (Green Economy Policy Loan Program) va “Yashil iqtisodiyotga texnik yordam dasturi” (GETAP) doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar va natijalari;
- Issiqxona gazlari chiqindilarini monitoring qilish va hisobot berish tizimi (MRV), yashil byudjetlashtirish, yashil soliq tizimi va CBAM (Transchegaraviy uglerodni tartibga solish mexanizmi) yuzasidan olib borilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar;
- Qazilma yoqilg‘i subsidiyalarini bosqichma-bosqich qisqartirish, yashil binolar va barqaror urbanizatsiyani rivojlantirish, barqaror davlat xaridlari hamda davlat korxonalarida ESG tamoyillarini joriy etish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari;
- 2025–2026-yillarda AFD tomonidan ajratilishi rejalashtirilgan 100 million yevro miqdoridagi moliyaviy yordam va texnik ko‘mak loyihalari bo‘yicha hamkorlik strategiyasi.
Muloqotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Energetika vazirligi bilan Expertise France guruhi o‘rtasida Energiya siyosati va iqlimni qo‘llab-quvvatlash sohasida hamkorlik va almashuv to‘g‘risida Anglashuv Memorandumi imzolandi.
Mazkur Memorandum, Fransiya Taraqqiyot Agentligi va Osiyo Taraqqiyot Banki tomonidan moliyalashtirilayotgan “Energiya siyosati va iqlimni qo‘llab-quvvatlash kredit dasturi” doirasida amalga oshiriladi. Ushbu hujjat asosida, Expertise France tomonidan ajratilgan 1,5 million yevro texnik ko‘mak mablag‘lari yordamida O‘zbekiston energetika siyosatini isloh qilish va barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi yangi hamkorlik yo‘nalishlari rivojlantiriladi.
Memorandumning maqsadi - respublikada energiya samaradorligini oshirish, energetika tizimini dekarbonizatsiya qilish va xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali barqaror energiya siyosatini shakllantirishga ko‘maklashishdan iborat.
Muzokaralar yakunida tomonlar yashil iqtisodiyot islohotlarini jadallashtirish, yashil master rejalarni ishlab chiqish orqali shaharlarni bir biri bilan tezkor transport bilan bog`lash va xalqaro standartlarga mos ravishda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, shuningdek, Fransiya Taraqqiyot Agentligi va Expertise France bilan hamkorlikni kengaytirish, texnik va moliyaviy salohiyatni mustahkamlashga kelishib oldilar.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati





