“Budjet tashkilotlarida hisob siyosatini ishlab chiqilishi” mavzusida onlayn seminar o‘tkazildi
2025-03-04 17:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Onlayn seminarni Davlat organlari ichki audit tuzilmalari faoliyatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Azamat Jabborov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Unda ichki audit xizmatlari va moliya-buxgalteriya tuzilmalarining o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib borishi muhimligi ta’kidlab o‘tildi.
Shundan so‘ng, Budjet jarayonini takomillashtirish va hisobi uslubiyoti boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Narzullayev O‘zbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (1-sonli BHS) «Hisob siyosati» asosida budjet tashkilotlarida hisob siyosatining ahamiyati va zaruriyatiga to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga hisob siyosatini ishlab chiqilishi bo‘yicha taqdimot qilindi.
Taqdimotda quyidagi yo‘nalishlarda hisob siyosatining tarkibiy qismi sifatida tushuntirishlar berildi:
– Hisob siyosatini shakllantirish va unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish asoslari;
– Budjet tashkilotining buxgalteriya xizmati tashkiliy tuzilmasi;
– Budjet tashkilotida inventarizatsiya o‘tkazishning tartibi va muddatlari;
– Asosiy fondlarni qayta baholash uslublari;
– Inventarizatsiya qilishda (ortiqcha yoki kamomadda) mulkni baholash uslublari;
– Tovar (ish, xizmat)lar kalkulyatsiyasini shakllantirish tartibi;
– Hisob siyosatining prinsiplari;
– Hisobot siyosatida axborotni ochib berish.
Seminar qizg‘in bahs-munozara va savol-javob ko‘rinishida o‘tdi. Seminar ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi xodimlari tomonidan atroflicha javob berildi.
Shu bilan birga, kelgusida byudjet hisobining standartlari bo‘yicha seminarlar tashkil qilishni qaysi standartlardan boshlash bo‘yicha ishtirokchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi.
So‘rov natijalariga ko‘ra budjet hisoboti, yagona schyotlar rejasi va tovar-moddiy zaxiralar bo‘yicha budjet hisobi standartlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otishi ma’lum bo‘ldi.
Kelgusida ham budjet hisobi standartlariga doir shu kabi seminarlar tashkil etilishiga kelishib olindi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati




