Gruziyaning Davlat xaridlari agentligi bilan hamkorlik o‘rnatildi
2025-03-05 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Gruziyaning elektron davlat xaridlari tizimi Yevropa Ittifoqining davlat xaridlari bo‘yicha belgilangan talablari asosida ishlab chiqilgan eng samarali tizimlardan biri sanaladi. Ushbu tizim davlat xaridlari sohasida islohotlarni amalga oshirishga intilayotgan mamlakatlar uchun namunaga aylandi.
Gruziyada elektron xaridlar tizimi joriy etilishi natijasida erkin va adolatli raqobatni rivojlantirish, shuningdek, korrupsiya xavfini sezilarli darajada kamaytirishga erishildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar doirasida davlat xaridlari sohasini tartibga soluvchi qonunchilik bazasi takomillashtirildi. Shu bilan birga, davlat xaridlarining shaffofligini ta’minlash va ularga oid ma’lumotlardan erkin foydalanish imkonini beruvchi elektron davlat xaridlari tizimi amaliyotga joriy qilindi.
Sohani ilg‘or xorijiy tajribalar asosida isloh qilish va bu borada xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash dolzarb vazifalardan biridir.
Shu munosabat bilan, G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi tadbir doirasida Gruziyaning Davlat xaridlari agentligi bilan davlat xaridlari sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzoladi.
Ushbu memorandumda davlat xaridlari elektron tizimlarini takomillashtirish, sohada sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishni kengaytirish, davlat xaridlarini markazlashgan holda amalga oshirish hamda “yashil” davlat xaridlarini qo‘llab-quvvatlash tizimini rivojlantirishda o‘zaro tajriba almashish ko‘zda tutilgan.
Gruziyaning davlat xaridlari sohasidagi muvaffaqiyatli tajribasi va zamonaviy mexanizmlari O‘zbekistonda davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati

