Fransiyaning “Bureau Veritas” kompaniyasi vakillari bilan mamlakatimizda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2025-02-07 20:33:00 / Vazirlik yangiliklari

Ma’lumot uchun: “Bureau Veritas” 1828-yilda Fransiyada tashkil etilgan bo‘lib, dunyo miqyosida nufuzli sertifikatsiyalovchi auditorlik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda kompaniya tarkibiga 80 mingdan ortiq mutaxassislar faoliyat olib boradi, shuningdek kompaniya 5 ta yirik mintaqaviy ofislarga ega.
Shuningdek, kompaniya “yashil” iqtisodiyot sohasida turli xizmatlar, ya’ni loyihalarni uglerod birliklari savdosiga muvofiqligini tekshirish, uglerod birliklari savdosi loyihalarini validatsiya va verifikatsiyadan o‘tkazish kabi xizmatlarni ko‘rsatadi.
Muloqot davomida tomonlar mamlakatimizda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, ushbu yo‘nalishda hamkorlik olib borish imkoniyatlari va yo‘nalishlari bo‘yicha muhokamalar olib bordi.
Jumladan:
· Barqaror iqtisodiy rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida yashil o‘sishni ta’minlash – yashil iqtisodiyotni rivojlantirishni rag‘batlantirish, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining yashil tamoyillarga asosan faoliyat olib borishining ahamiyati;
· Uglerod birliklari savdosi va ularning tekshiruvi – uglerod birliklari savdosi bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq validatsiya (tekshirish) va verifikatsiya (tasdiqlash) xizmatlarini tashkil etish;
· Hamkorlik istiqbollari - “Bureau Veritas” kompaniyasining ushbu yo‘nalishdagi boy tajribasi va xalqaro tajribalar asosida hamkorlik olib borish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, muhokamalar davomida tadbirkorlarni xalqaro standartlar, uglerod izini kamaytirish texnologiyalari va sertifikatlash jarayonlari bo‘yicha keng qamrovli axborot bilan ta’minlash hamda Barqaror yashil o‘sishni ta’minlash uchun ekologik barqaror texnologiyalarni tatbiq etish va bizneslarning atrof-muhitga bo‘lgan mas’uliyatini oshirishning muhim ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va yanada kengaytirish hamda belgilangan maqsadlarga erishishda samarali va tizimli faoliyat olib borishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati


