“Xotin-qizlarni elektron tijoratga o‘qitish hamda elektron tijoratda ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish” bo‘yicha trening bo‘lib o‘tdi
2025-02-03 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ma’lumot uchun: Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) tomonidan moliyalashtiriladigan Iqtisodiyot va Moliya vazirligi hamda BMTTDning “Yoshlarning raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirish” qo‘shma loyihasining maqsadi yoshlar, ayniqsa, xotin-qizlarni raqamli tadbirkorlik ko‘nikmalari, vositalari va imkoniyatlari bilan ta’minlash orqali ularning ishga joylashish imkoniyatlarini, raqobatbardoshligini va COVID-19 hamda shunga o‘xshash inqirozlarga barqarorligini oshirish, shu orqali tengsizlikni kamaytirish, inklyuziv, innovatsion va barqaror iqtisodiy o‘sish hamda ish o‘rinlari yaratishni ta’minlashdir.
Loyiha uchta asosiy yo‘nalishga qaratilgan:
raqamli tadbirkorlik muhitini yaxshilash va yosh tadbirkorlarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish;
yoshlarga qaratilgan raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlik siyosatini rivojlantirish uchun institutsional salohiyatni kuchaytirish va yoshlarning moliyaviy inklyuziyasini yaxshilash uchun moliyaviy yechimlarni topish;
raqamli tadbirkorlik loyihalari va startaplarini rivojlantirish imkoniyatlari.
Treningning asosiy maqsadi Shahrisabz tumanida 100 nafar xotin-qizlarni elektron tijoratga o‘qitish hamda elektron tijoratda ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish, mehmonxona xizmatlarini raqamli texnologiyalar orqali takomillashtirish, shuningdek, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va jamiyatda iqtisodiy faol bo‘lishlari uchun zarur raqamli bilim va yumshoq ko‘nikmalar bilan ta’minlashdan iboratdir.
Treningning birinchi qismida Ishtirokchilar nazariy bilimlar va amaliy mashg‘ulotlar orqali Elektron tijoratning asoslari, mijozlarni jalb qilish, onlayn mahsulotlarni va xizmatlarni sotish, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli marketing, onlayn buking tizimlarida ishlash kabi mavzularda keng ko‘lamli tushunchaga ega bo‘ldi.
Tadbirning ikkinchi qismi mentorlik dasturlari asosida tashkil etildi. Treningda faol qatnashgan va raqamli iqtisodiyot sohasida faoliyatini davom ettirish istagi bo‘lgan ishtirokchilar tajribali mentorlarga biriktirilib, kelgusida mentorlar tanlab olingan ishtirokchilarga maslahatlar berib, ularning loyihalarini amalga oshirishda yordam beradi.
Trening orqali quyidagi natijalarga erishildi:
Ishtirokchilar elektron tijoratning asosiy tushunchalari bilan tanishib, mahsulot va xizmatlarni internet orqali sotish hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali marketing qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egalladi.
Elektron tijorat sohasida muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan shaxsiy brendni yaratish va uni rivojlantirish hamda onlayn buyurtmalarni qabul qilish, buyurtmalarni boshqarish va mijozlar bilan muloqot qilish bo‘yicha ko‘nikmalar to‘g‘risida ma’lumotlar oldi.
Tajribali tadbirkorlar va mentorlar bilan muloqot qilish hamda ulardan bilim olish imkoniyati yaratildi.
Guruhda ishlash mashg‘ulotlari va muhokamalar orqali ishtirokchilar jamoada ishlash mahoratlarini oshirdi.
Ishtirokchilar o‘rtasida aloqalar o‘rnatish, tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirish uchun sharoit yaratildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati







