“Al Arkkan Training Center” kompaniyasi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-01-21 15:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Ma’lumot uchun: Al Arkkan Training Center - Saudiya Arabistoni Podshohligida birinchi bo‘lib restoranlar, supermarketlar, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar va kirxonalar xodimlari uchun oziq-ovqat xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha o‘quv dasturlariga ixtisoslashgan o‘quv kompaniyasi hisoblanadi.
Delegatsiya tarkibida kompaniya ijrochi direktori Muhammad Alfassam, moliya direktori Faysal Siddiq ishtirok etdi, shuningdek, uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv boshida kompaniya delegatsiyasi o‘z faoliyati haqida ma’lumot berib o‘tdi hamda xavfsizlik va barqaror rivojlanishga alohida e’tibor qaratgan holda kasb-hunar ta’limi sohasidagi ko‘p yillik tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish istiqbollari, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va iqtisodiyotning asosiy sohalarini rivojlantirishga qaratilgan masalalar muhokamaning asosiy mavzusi bo‘ldi. Ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ta’lim dasturlariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamaning eng muhim jihatlaridan biri xalqaro standartlarga javob beradigan malakali tibbiyot xodimlari va hamshiralar tayyorlash uchun Hamshiralar kollejini tashkil etish taklifi bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, ushbu yo‘nalishda global miqyosdagi talabga mos keladi.
Tomonlar ko‘rsatilgan sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorliklarini bildirdilar, uzoq muddatli maqsadlarga erishish uchun samarali hamkorlikni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati



