“Yashil” iqtisodiyotning muhim yoʻnalishlariga bagʻishlangan seminar bo‘lib o‘tdi
2023-09-20 10:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Iqtisodiyot va moliya vazirligi BMTning Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti bilan hamkorlikda “Iqlimga moslashtirilgan qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish va ilgari surish” hamda “yashil” iqtisodiyotga oid ma’lumotlarni yig‘ish va ulardan foydalanish mavzusida seminar tashkil qildi.
Mazkur tadbirda vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislari hamda respublikadagi mahalliy banklarning “yashil” iqtisodiyot va “yashil” moliyalash bo‘yicha mas’ullari ishtirok etishdi.
Seminardan ko‘zlangan maqsad – vazirlik va idoralar hamda mahalliy banklar xodimlarining “yashil” iqtisodiyot va “yashil” moliyalashga doir ma’lumotlardan hamda iqlimga moslashtirilgan qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish mexanizmlaridan samarali foydalanishni o‘rgatish.
Ma’lumot uchun: “yashil” moliyalashtirish global miqyosda 15 yildan buyon rivojlanib kelmoqda va barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan, arzon va toza energiya, shaharlar va aholi punktlarining barqarorligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga erishishga xizmat qilmoqda.
Seminar davomida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, BMTning Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti, Markaziy bank, Qishloq xo‘jaligi vazirligining mas’ul mutaxassislari tomonidan seminar mavzusiga doir taqdimotlar o‘tkazildi.
Seminar so‘ngida qatnashchilar tomonidan “yashil” moliyalashtirishga doir savol-javoblar, davra suhbatlari tashkil qilindi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi




