Jahon banki vakillari bilan buxgalteriya hisobi va audit sohasini rivojlantirishga doir uchrashuv o‘tkazildi
2024-10-08 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Jahon banki vakillari, ekspert va mutaxassislari Andrei Busuioc, Arman Vatyan, Nurgul Tatybekova va Jamshid Iriskulovlar hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi boshlig‘i Otabek Barakayev hamda boshqarma xodimlari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda buxgalteriya hisobi sohasini tizimlashtirish, Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS, IFRS) o‘tishni rag‘batlantirish va tadbirkorlik subyektlarining MHXSga o‘tishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, moliyaviy hisobotning tashqi sifat nazorati tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, auditorlik xizmatlari sifatini xalqaro standartlar asosida ta’minlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Xususan, Jahon banki bilan birgalikda MHXS standartlari asosida tuzilgan moliyaviy hisobotlarning to‘g‘riligi, shaffofligi va sifatini nazorat qilish imkonini beruvchi dasturiy ta’minot to‘plamini ishlab chiqish bo‘yicha texnik topshiriq tayyorlanganligi ta’kidlandi. Mazkur dasturiy majmuani keyinchalik MHXSlarni joriy qilishning avtomatlashtirishga qaratilgan Kengaytirilgan biznes hisobot tili (XBRL, eXtensible Reporting Language) dasturiy mahsuloti bilan integarsiyalash masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, Auditning xalqaro standartlarini (AXS, ISA) o‘zbek tiliga tarjima qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan texnik ishlarning yakuniy bosqichi muhokama qilinib, ushbu masalani jadallashtirish lozimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida, Jahon banki vakillari ham o‘z taklif, mulohaza va kutilmalarini bildirishdi, shuningdek, tomonlar birgalikda buxgalteriya hisobi va audit sohasini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish hamda maslahatlashuvlarni yanada faollashtirishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati




