“Tashabbusli budjet” loyihasining 2024-yilgi II mavsumining ovoz berish bosqichiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi
2024-08-22 15:15:00 / Matbuot anjumanlari

Mazkur tadbirda vazirlik tomonidan Davlat budjeti siyosati departamenti direktori oʻrinbosari Shohruh Ishanqulov, Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan loyihalar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Azimjon Xasanov hamda mazkur boʻlim bosh mutaxassisi Xabibulla Xamidov ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida mutaxassislar jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berdi.
Jumladan, ushbu mavsumda fuqarolar tomonidan 27 mingdan ortiq loyihalar ilgari surilgan boʻlib, shundan 23 mingdan ortiq qismi ishchi guruhlar tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq tanlab olinib, ovoz berish jarayonlariga oʻtkazilgani taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, mazkur jarayonlarga gʻolib loyihalarni moliyalashtirish uchun 2 trln soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilishi kutilmoqda.
Joriy mavsumning avvalgi mavsumlardan farqli tarafi shundaki, endilikda “Tashabbusli budjet” jarayonlari 4 bosqichda oʻtkaziladi.
Bunda:
6–26-iyul — taklif kiritish bosqichi;
26-iyuldan 15-avgustga qadar — moderatsiya bosqichi;
15–22-avgust — saralashdan oʻtgan loyihalar boʻyicha targʻibot bosqichi;
22-avgustdan 1-sentyabrga qadar — saralashdan oʻtgan loyihalarga ovoz berish bosqichi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun, 2024-yil “Tashabbusli budjet” jarayonlarining
1 mavsumdan boshlab “Bir fuqaro — bir ovoz” tamoyili joriy etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 29-iyuldagi KQ-787-IV sonli qaroriga asosan Tashabbusli budjet jarayonini oʻtkazish boʻyicha amaldagi tartibga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Bunda, kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bevosita keng jamoatchilik, jumladan, faol fuqarolar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda deputatlarning takliflarini inobatga olgan holda ishlab chiqildi.
Kiritilgan asosiy oʻzgartirishlardan bir nechtasi quyidagilar:
barcha mahallalar uchun gʻolib boʻlish imkoniyatini yaratish maqsadida endilikda “Tashabbusli budjet” doirasida soʻnggi mavsumlarda ketma-ket ikki marotaba gʻolib deb topilgan mahalla (tashkilot)lar uchun navbatdagi ikkita mavsum doirasida tanaffus eʼlon qilinadi (yaʼni ushbu mahallalar uchun loyiha kiritish imkoniyati cheklanadi).
Ushbu tartib, yaʼni tanaffus qoʻllash amaliyoti 2025-yil 2-mavsumdan boshlab qoʻllanadi.
Bu esa, oʻz navbatida, bir necha mavsumdan beri jarayonlarda ishtirok etib kelayotgan, lekin toʻplagan ovozlari miqdori aholi soni katta mahallalarning toʻplagan ovozlari sonidan kam boʻlgan mahallalarga gʻolib boʻlish imkoniyatini beradi.
Shuningdek:
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ovoz berish jarayonlarida budjet tashkilotlari xodimlarini majburiy ovoz berishga jalb etish holatlarini qayd etish boʻyicha “qaynoq liniya” ishga tushirish;
ovoz berish bosqichi yakunlanib, “Ochiq budjet” portali tomonidan gʻolib loyihalar aniqlanganidan soʻng Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari mahalliy budjetning qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan keyingi oʻrinlardagi – gʻolib boʻlmagan loyihalarni qoʻshimcha tarzda gʻolib deb eʼlon qilish vakolati berish;
har bir gʻolib loyihalar ijrosi ishchi komissiya tomonidan har oy joyiga chiqqan holda oʻrganib, buning natijalari yuzasidan fotomateriallarni “Ochiq budjet” portalining “Sayyor-monitoring” boʻlimida aks ettirib borish.
Bunda, loyiha boʻyicha ishlar toʻliq yakunlangandan soʻng tashabbuskor fuqarolar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga topshirilishi belgilandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati





