Qoraqalpog‘istonda ta’lim infratuzilmasi va raqamli ta’limni rivojlantirish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2024-08-22 14:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv davomida “Hancom Group” kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi maktablari va oliy ta'lim muassasalarida “aqlli sinflar” (SMART CLASS) tashkil etish, shuningdek, IT-texnologiyalar va koreys tilini o‘qitish bo‘yicha ta'lim markazini ochish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha tafsilotlari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: 1989-yilda tashkil etilgan “Hancom Group” kompaniyasi ofis dasturlarini ishlab chiqish va tarqatish bilan shug'ullanadi. Uning "Hancom Academy" sho‘ba korxonasi sun’iy intellekt va dronlar bilan ishlashni o‘z ichiga olgan ilg'or texnologiyalarni o‘rgatish uchun onlayn platformani boshqaradi.
Loyiha doirasida “Hancom Group” kompaniyasining investitsiyalari hisobidan 2024-yil oxirigacha O‘zbekiston Respublikasining 43 ta maktabi, 7 ta oliy ta'lim muassasasi va 1 ta texnikumida 66 ta “aqlli sinf” ni, shu jumladan Toshkent shahrida 44 ta, Andijon viloyatida 1 ta, Qoraqalpog'iston Respublikasida 21 ta sinfni tashkil etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, “Hancom Academy”ni jalb qilgan holda, Taxiatosh pedagogika kolleji negizida IT-texnologiyalar va koreys tilini o‘qitish bo‘yicha ta'lim markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu kollej “Hancom Academy” boshqaruviga o‘tkazilib, zamonaviy kompyuter texnikasi va texnik o‘quv qurollari bilan jihozlanadi.
“Hancom Group” kompaniyasi bilan hamkorlik doirasida O‘zbekiston Respublikasida bosqichma-bosqich 1250 ta “aqlli sinf” tashkil etish rejalashtirilgan, ularda talabalar IT-texnologiyalari sohasida ta’lim olishlari, shuningdek, koreys tilini o‘rganishlari mumkin bo‘ladi. Ushbu ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlash talabalarga Janubiy Koreyadagi oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va xorijda tegishli sohalarda ishga joylashish imkoniyatini yaratishi kutilmoqda.
Loyiha shuningdek, pedagog xodimlarning malakasini oshirishni nazarda tutadi, bu esa respublikada ta’lim sifatini oshirishga yordam beradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati




