London Qirollik kolleji vakillari bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2024-07-30 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ma’lumot uchun: mazkur loyiha Jahon banki ko‘magi bilan amalga oshirilayotgan bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad iqtisodiyot tarmoqlaridagi korxonalarning yashil iqtisodiyotga o‘tishini qo‘llab-quvvatlash va barqarorlik sari yo‘naltirish, ularning jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishlab chiqish hamda mahalliy mahsulotlarni Yevropa bozorlariga chiqarishga ko‘maklashish.
Uchrashuvda Leonardo markazi direktori Livio Scalvini, direktor o‘rinbosari, professor Maurizio Zollo, markaz xodimlari Popeau Tanya va Jabbarov Ibrat hamda vazirlikning Yashil iqtisodiyotga o‘tish va rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar o‘zaro hamkorlikda mahalliy korxonalarning yashil iqtisodiyotga o‘tishi bo‘yicha salohiyatini oshirish, faoliyatida Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy qilish, shuningdek, milliy mahsulotlar ta’minot zanjirini shakllantirish jarayonida yashil komponentlarni qamrab olish bo‘yicha ko‘maklashishga qaratilgan “Green Lab” faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi.
Tadbir so‘ngida tomonlar loyiha doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish hamda loyihani amalga oshirish ishlarini jadallashtirishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati

