Ichki audit bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
2024-07-24 15:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Boshqarma to‘g‘risida
Ichki audit xizmati boshqarmasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, Vazirlik qarorlari va buyruqlariga, shuningdek, Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
Ichki audit xizmati boshqarmasi tizim tashkilotlarida ichki audit faoliyatini amalga oshirishga mas’ul hisoblanadi, lekin tizim tashkilotlarining asosiy faoliyati natijalariga javobgar hisoblanmaydi.
Ichki audit xizmati boshqarmasi tomonidan ichki audit maqsadlari va vazifalarini amalga oshirish uchun ichki audit obyektlarida, shu jumladan, fuqarolar ishtirokidagi audit tizimi orqali aniqlangan obyektlarda ichki audit tadbirlarini o‘tkazadi, natijalarini rasmiylashtiradi hamda taklif va tavsiyalar tayyorlaydi. Ichki audit tadbirlari Vazirlik rahbariyati tomonidan tasdiqlangan ichki audit yillik rejasi asosida xodimlar tomonidan, ichki auditning milliy standartlari va ichki audit tadbirlarini o‘tkazish qo‘llanmasi asosida o‘tkazib kelmoqda.
Ichki audit xizmati boshqarmasining asosiy vazifalari:
budjet to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini tahlil qilish va baholash, budjet hisobining yuritilishi hamda moliyaviy hisobotlar shakllantirilishini o‘rganish orqali budjet intizomini mustahkamlash;
masofaviy auditni qo‘llagan holda, budjet mablag‘laridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish xavflarini aniqlash, minimallashtirish, ularni sodir etishga imkoniyat yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish orqali budjet to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlari profilaktikasini amalga oshirish;
rivojlantirish dasturlarining samaradorligi natijalarini tahlil qilish va baholash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish orqali budjet xarajatlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish;
Tizim tashkilotlarini moliyalashtirish jarayoniga axborot texnologiyalari tatbiq etilishini baholash orqali ulardan foydalanish samaradorligini o‘rganish va rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Amalga oshirilgan ishlar
Ichki audit xizmati boshqarmasining 2024-yil uchun tasdiqlangan ish rejasiga asosan 12 ta audit tadbiri uchun 62 ta audit obyektlari tanlangan bo‘lib shundan, 1-yarim yillikda 6 ta audit tadbirida 33 ta audit obyektlarida audit tadbirlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan audit tadbirlarida aniqlangan holatlar bo‘yicha audit obyektlari rahbarlariga xato va kamchiliklarni tegishli tartibda bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berilgan. Shu bilan birga masofaviy auditni qo‘llagan holda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha xavflar tahlil qilingan holda oldini olish bo‘yicha amaliy ishlar qilib kelinmoqda.
Ichki audit xizmati boshqarmasi tomonidan doimiy ravishda tizimda xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, davlat xaridlari, debitor va kreditor qarzdorliklar, tovar-moddiy boyliklar hisobi, moliyaviy hisobotlarni ko‘rsatkichlarini to‘g‘ri yuritilishi bo‘yicha taklif va tavsiyalar va amaliy yordam berib borilmoqda.
Fuqarolar ishtirokidagi audit tadbirlarini amalga oshirish uchun har chorak birinchi oyini birinchi sanasiga qadar fuqarolar tomonidan tanlanishi mumkin bo‘lgan nazorat obyektlari ro‘yxatini “Davlat auditi” dasturiga kiritish ishlarini amalga oshirmoqda. 3-chorak uchun fuqarolar tomonidan tanlangan 2 ta audit obyektida audit tadbirlari amalga oshiriladi. Ichki audit xizmati tomonidan o‘tkazilgan audit tadbirlari natijasi bo‘yicha rasmiylashtirilgan hisobotlari “Davlat auditi” dasturiga kiritib boriladi.
