Buxgalteriya hisobi tizimi va uni xalqaro standartlarga o‘tkazishning muhim ustuvor yo‘nalishlari belgilandi
2024-07-12 15:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Bunda quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi:
1) MHXSni tatbiq etadigan tashkilotlarni sifat mezonlariga asoslangan aniq sinflarga bo‘lish:
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar (JAET, Public-interest entities (PIE) tushunchasini huquqiy maqomini belgilash va ular ro‘yxatini shakllantirish. Ushbu tashkilotlarni 2026-yil 1-yanvardan boshlab Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasidagi barcha tashkilotlar to‘liq MHXSga muvofiq buxgalteriya hisobini yuritishi, moliyaviy hisobotlarni tuzishi va ularning auditorlik xulosalari bilan birgalikda e’lon qilinishini tashkil etishini belgilash.
2) Buxgalteriya hisobining milliy standartlarini (BHMS) xalqaro tamoyillarga muvofiqlashtirish:
Buxgalteriya hisobi milliy standartlarini unifikatsiya qilish orqali MHXSga uyg‘unlashgan Moliyaviy hisobotning milliy standartlarini (MHMS) ishlab chiqish va uni tadbirkorlik sub’yektlari (MHXSga o‘tishi belgilangan tashkilotlar bundan mustasno) faoliyatiga bosqichma-bosqich joriy etish.
3) Tadbirkorlik sub’yektlarini MHXSni qo‘llay oladigan kadrlar bilan ta’minlash va MHXS bo‘yicha o‘qitish xarajatini qoplash tartibini takomillashtirish:
Buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasini yanada kengaytirish, MHXSga o‘tadigan tashkilotlarni salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash maqsadida amaldagi tartib bilan birgalikda o‘ttiz besh yoshdan oshmagan barcha fuqarolarga dastlabki ro‘yxatdan o‘tish va imtihon topshirish xarajatlarini imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganda qoplab berish. Shuningdek, ushbu amaliyotni 2027-yil 31-dekabrga qadar uzaytirish;
Ushbu huquq hozirda oliy ta’lim muassasalarining pedagog kadrlari va talabalari hamda davlat organi xodimlariga 2025-yilning oxiriga qadar berilgan.
Shuningdek, o‘qitish xarajatlarini qoplab berishda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlari talabgorlarining buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihon natijadorligi qoniqarsizligi sababli o‘qitish xarajatlarini qoplab berishda akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlariga talabgorlarning buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasidagi tegishli fan bo‘yicha imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda ushbu talabgorlar uchun qoplab berish.
4) MHXSni joriy etish jarayonini muvofiqlashtirish va metodologik ta’minlash masalalari:
Hisobot yili davomida MHXS tayyorlovchi tashkilot toifasiga kiritilgan, MHXSni birinchi marta qo‘llayotgan yuridik shaxslarni qo‘llab quvvatlash, xarajatlarni tejash, hamda MHXSga o‘tish bo‘yicha yo‘l xarita va hisob siyosatini o‘zgartirish uchun imkoniyat yaratish maqsadida MHXSga o‘tish sanasi hisobot davridan keyingi davrning boshi – 1-yanvar etib belgilanmoqda.
Shuningdek, MHXSga muvofiq namunaviy moliyaviy hisobot shakllari shuningdek, hisobvaraqlarni ishlab chiqish;
moliyaviy hisobotlar sifatining tashqi monitoringini o‘tkazish va ko‘rib chiqish tartibini ishlab chiqish va o‘zaro axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
moliyaviy hisobotlarni yig‘ishni va saqlashni ta’minlaydigan Yagona hisobotlar tizimi bazasida moliyaviy hisobotlar bazasini shakllantirishi hamda doimiy ravishda yuritilishini ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritilgan.
5) Buxgalteriya hisobi sohasidagi xorijiy mamlakatlarning qonunchilik hujjatlarini va ilg‘or tajribasini o‘rganish natijalari asosida yangi tahrirdagi “Buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini shuningdek, O‘zbekistonda buxgalteriya hisobi va auditorlik faoliyatini 2025–2030-yillarga rivojlantirishga doir konsepsiyalarini ishlab chiqish belgilanmoqda.
6) Buxgalteriya hisobi, jumladan, MHXS hamda auditga doir masala va muammolarni keng jamoatchilik bilan muhokama qilish maqsadida vazirlik huzurida malakali mutaxassis va amaliyotchilar, ilmiy pedagoglar, xorijiy ekspertlardan iborat buxgalteriya hisobi va audit sohasi bo‘yicha ekspert guruhini (Kengash) tashkil etish.
II. Buxgalterlarni sertifikatlashtirishning milliy tizimini yaratishga hamda buxgalterlar va auditorlar kasbining huquqiy maqomi va nufuzini mustahkamlashga doir bir qator takliflar ishlab chiqildi. Bunda:
professional buxgalterlar uchun Ta’limning xalqaro standartlariga muvofiq, darajali va modulli yondashuvga asoslangan milliy sertifikatlashtirishning yangi tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;
investorlarning qarorlar qabul qilishda foydali bo‘lgan, global miqyosda taqqoslanadigan barqarorlik bilan bog‘liq ma’lumotlarni olishlari uchun investor va kompaniyalar o‘rtasida munosabatlarni mustahkamlashga mo‘ljallangan MHXS Barqarorlik standartlarini (IFRS Sustainability Standards) joriy qilish;
iqtisodiy faoliyatning atrof-muhitga ta’sirini o‘lchash va hisobot berish usuli hisoblangan “yashil buxgalteriya”ga (Green accounting) o‘tish;
respublika hududida buxgalterlar va auditorlar uchun XBFning Professional buxgalterning xalqaro odob-axloq kodeksini keng targ‘ib etish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, sohada mehnat qilayotgan keng jamoatchilikning takliflarini inobatga olib, respublikada faoliyat yuritayotgan buxgalterlar va auditorlarning sharafli, mashaqqatli hamda o‘ta mas’uliyatli kasbini munosib rag‘batlantirish, bugungi kunda sohada qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etish va sohaga yoshlarni keng jalb etish maqsadida 9-dekabr sanasini “O‘zbekiston Respublikasi buxgalterlar va auditorlar kuni” deb e’lon qilish takliflari belgilangan.
Mazkur qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari loyihalari muhokamasi portaliga 2024-yil 12-iyulda joylashtirildi. Qaror loyihasi yuzasidan muhokama ishtirokchilaridan takliflar (izohlar) quyidagi havolalar orqali bildirilishi mumkin: https://regulation.gov.uz/oz/d/101485
Bundan tashqari, buxgalteriya hisobi tizimini yanada takomillashtirish hamda MHXSga o‘tishni rag‘batlantirishga doir takliflarni qamrab olgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari e’lon qilinib boriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati
