ABDULLA ORIPOV TAVALLUDINING 85 YILLIGI MUNOSABATI BILAN MA’NAVIY-MA’RIFIY TADBIR BO‘LIB O‘TDI
2026-04-30 17:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur tadbir buyuk shoir xotirasini yod etish, uning boy va teran ma’noga ega ijodiy merosini yana bir bor anglash, yoshlar ongiga singdirish ham o‘zida mujassam etdi. Tadbir davomida Abdulla Oripov ijodining betakror jozibasi, undagi Vatanga muhabbat, insoniylik, halollik va ezgulik g‘oyalari alohida e’tirof etildi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Raximova o‘z nutqida shoir ijodining nafaqat badiiy-estetik qimmati, balki uning chuqur falsafiy mohiyati va milliy o‘zlikni ifodalashdagi beqiyos o‘rnini ta’kidlab o‘tdi. U shoir merosini faqat yodga olish bilangina cheklanib qolmasdan, uni anglash, yosh avlod tarbiyasida samarali foydalanish zarurligini alohida qayd etdi.
Tadbirda shoirning oila a’zolari – rafiqasi Xanifa aya Mustafayeva hamda qizi Shoiraxon Oripovaning o‘zlarining samimiy xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Ular o‘z so‘zlarida Abdulla Oripovni nafaqat ulkan iste’dod sohibi, balki mehribon ota, kamtar va pokiza qalbli inson sifatida yodga oldilar. Ushbu xotiralar tadbir ishtirokchilarida chuqur taassurot uyg‘otdi.
Tadbir davomida shoirning she’riy merosidan foto va video lavhalar namoyish etidi. Uning asarlaridagi teran fikrlar va yuksak tuyg‘ular yana bir bor qalblarni junbushga keltirdi. Bu – tadbir ishtirokchilari xususan, yoshlarda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Abdulla Oripov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan ushbu tadbir ham xalqimizning ma’naviy hayotida muhim voqea sifatida alohida o‘rin egallaydi. Zero, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni asrab-avaylash, uni boyitib, kelajak avlodga yetkazish – barchamizning muqaddas burchimizdir.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi








