Buxgalterlar uchun xalqaro imtihon xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi
2026-04-30 16:10:00 / Vazirlik yangiliklari
Oʻzbekistonda buxgalterlarni xalqaro sertifikatlashni qoʻllab-quvvatlash doirasida 2020–2025-yillar davomida 4200 dan ortiq talabgor uchun xalqaro imtihon va oʻqish xarajatlari uchun jami 11,06 mlrd soʻm mablagʻ davlat byudjetidan qoplab berildi. Natijada 671 nafar talabgor xalqaro imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan.
Mazkur amaliyotning mantiqiy davomi sifatida, buxgalterlarni xalqaro darajada tayyorlashni yanada ragʻbatlantirish maqsadida yangi tartib joriy etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-aprelda
210-sonli qarori bilan Buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik Nizom tasdiqlandi. Qarorga muvofiq, 2026–2028-yillar davomida xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarning xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.
Yangi tartibga koʻra buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish quyidagicha amalga oshiriladi:
buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar (talabgorlar) uchun dastlabki roʻyxatdan oʻtish va tegishli fan boʻyicha imtihon topshirish xarajatlari qoplab beriladi;
talabgorlarning dastlabki roʻyxatdan oʻtishi va imtihon topshirishi 2026-yil 1-maydan 2028-yil 31-dekabrgacha boʻlgan davrda amalga oshirilgan taqdirda, buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasidagi xarajatlari qoplab beriladi;
xarajatlarni qoplash uchun ariza beruvchilar xalqaro tan olingan tashkilotlar (ACCA, CPA, ICAEW va boshqalar) doirasidagi tegishli fanlardan muvaffaqiyatli imtihon topshirgan boʻlishlari talab etiladi va qoplab beriladigan xarajatlar tarkibiga xalqaro tashkilotlar tomonidan belgilangan imtihon toʻlovlari kiradi;
imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan talabgorlar arizalarni Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidiya.mf.uz elektron platformasi orqali taqdim etadi. Shuningdek, talabgorlar uchun arizalarni 2026-yil 1-iyuldan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali ham taqdim etish imkoniyati yaratiladi. Arizaga biometrik pasport yoki ID karta maʼlumotlari, imtihon xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlar hamda imtihonni muvaffaqiyatli topshirganlik haqidagi sertifikat ilova qilinadi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ariza kelib tushgan kundan boshlab 7 ish kuni ichida xarajatlarni qoplash yoki rad etish boʻyicha qaror qabul qiladi, imtihon topshirish xarajatlari Respublika budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Mazkur imtiyoz soha mutaxassislarining xalqaro malakaga ega boʻlishini ragʻbatlantirish hamda respublikada moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini (MHXS) keng joriy etishga xizmat qiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
