PMCG xalqaro konsalting kompaniyasi vakillari bilan mahalliy budjetlarni isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi
2026-04-14 19:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda PMCG transferlar boʻyicha xalqaro ekspert Jorj Tabuashvili, xarajatlar boʻyicha xalqaro ekspert Stiv Lids hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Mahalliy budjet tizimini takomillashtirish departamenti boshligʻi Ruslanbek Mamanov va masʼul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar fiskal nomarkazlashtirish boʻyicha tadqiqot va tahlillarni amalga oshirish hamda mahalliy budjetlarni isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Shuningdek, muhokamalar davomida mahalliy ijro etuvchi hokimlik va vakillik organlarining budjetni boshqarish sohasidagi vakolatlari, respublika va mahalliy budjetlar oʻrtasidagi daromadlar va xarajatlar boʻyicha vakolat va majburiyatlarni aniq mezonlar asosida belgilash, tenglashtiruvchi, natijaga asoslangan hamda shaffof qoidalarga asoslangan budjetlararo munosabatlar tizimini joriy etish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, uchrashuv davomida tomonlar budjet transferlari tizimi, ularning hududlar kesimida taqsimlanishi hamda transferlar samaradorligini oshirish boʻyicha yondashuvlar yuzasidan ham fikr almashdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar davlat moliyasini boshqarish samaradorligini oshirish, budjet jarayonlarini takomillashtirish hamda xalqaro tajribani keng joriy etish boʻyicha hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi



