“Genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish”ni rejalashtirish hamda uni bosqichma-bosqich joriy etish yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi
2026-04-07 19:10:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida”gi SQ-297-IV sonli qaroriga muvofiq, davlat va mahalliy budjet loyihalarini ishlab chiqish jarayonida gender jihatlarni hisobga olgan holda ularni gender ekspertizasidan o‘tkazish hamda genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirishni bosqichma-bosqich joriy etish vazifalari belgilangan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ushbu yo‘nalishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Joriy yilning 7-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda manfaatdor vazirlik va idoralar ishtirokida “Genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish”ni rejalashtirish hamda uni bosqichma-bosqich joriy etish yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbir doirasida gender jihatlarini davlat moliyasini boshqarish tizimiga integratsiya qilishning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlashga qaratilgan amaliy yondashuvlar muhokama qilindi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mas’ul rahbarlar genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirishni davlat moliyasini boshqarish tizimiga joriy etishning ahamiyatini ta’kidladilar. Xususan, mazkur mexanizm davlat xarajatlarini ustuvor yo‘nalishlar asosida taqsimlash, ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash, shuningdek budjet jarayonlarining shaffofligi va hisobdorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Seminar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etildi:
— genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirishning milliy rivojlanish maqsadlariga erishishdagi o‘rni;
— mazkur sohada qonunchilikni tartibga solish bo‘yicha xalqaro tajriba;
— O‘zbekistonda genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish bo‘yicha milliy huquqiy bazani shakllantirish yo‘nalishlari.
Tadbir davomida “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi”, shuningdek, “Dasturiy budjetlashtirish joriy etilayotgan pilot vazirlik va idoralarda genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish bo‘yicha 2025–2026-yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar” ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, vazirlik va idoralarda genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha dastlabki natijalar qayd etildi. Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda uchta vazirlikning 2026-yilgi budjet dasturlariga gender tengligi bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarni kiritish yuzasidan amaliy ko‘mak ko‘rsatilgani ta’kidlandi.
Interaktiv muhokamalar davomida ishtirokchilar qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqdilar.
Tadbir yakunida genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirishni bosqichma-bosqich joriy etish budjet jarayonlarida xotin-qizlar va erkaklarning manfaat va ehtiyojlarini to‘liq inobatga olish, parlament nazoratini kuchaytirish hamda gender tengligini ta’minlash bo‘yicha milliy majburiyatlarni samarali amalga oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi









