Oʻzbekistonda bolalar nafaqasi miqdori oshirilishi mumkin
2026-02-02 09:30:00 / OAV biz haqimizda

Sherzod Muhamedovning aytishicha, nafaqa qiymati inflyatsiyadan kam boʻlmagan darajada koʻtariladi.
“2022-2023-yillarda respublikada deyarli har uch oiladan bittasi bolalar nafaqasi olgan. Agar hududlar kesimida koʻrilsa, aksariyat joylarda 30 foiz oilalar kam taʼminlangan oilalarga beriladigan yordamni olishgan. Shu sababli avvallari miqdorni oshirish imkoniyati boʻlmadi. Lekin keyinchalik moddiy yordamlar manzilliligini oshirish, tizimni raqamlashtirish choralari koʻrildi. Endi pullar ijtimoiy yordamga muhtoj oilalargagina toʻlanmoqda. Bu boʻyicha koʻplab mezonlar yangilandi. 2025-yili bolalar nafaqasi miqdori indeksatsiya qilindi. Bunda ish haqi, pensiyalar bilan birga inflyatsiyadan kam boʻlmagan miqdorda indeksatsiya qilinishi inobatga olingan”, dedi vazirlik vakili.
Mamlakatda 2025-yil dekabrda yillik inflyatsiya darajasi 7,3 foizni tashkil etgan.
Sherzod Mehamedov davlat tomonidan kam taʼminlangan oilalarga toʻlanayotgan yordam pullari odamlar topayotgan daromadlariga qoʻshimcha mablagʻ ekanini eslatdi.
“Masalan, pensionerlar pensiyani yashash uchun oladi. Lekin bir narsani unutmaslik kerakki, yordam pullari shunga oʻxshash maqsadlar uchun toʻlanmayapti. Ishlayotgan daromadga qoʻshimcha yordam boʻlishi uchun berilyapti”, dedi mutaxassis.



