“DoCotton Group” kompaniyasi rahbariyati bilan tekstil sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-02-21 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda tekstil sanoatini yanada rivojlantirish, mavjud yuqori salohiyatdan samarali foydalanish va milliy tekstil mahsulotlarini jahon bozorida raqobatbardosh darajaga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Xususan, xalqaro darajadagi brendlar yaratish, qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish hamda paxtani chuqur qayta ishlash orqali yuqori sifatli ip-kalava va mato ishlab chiqarishni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar paxta ekinzorlarida samaradorlikni oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, urug‘chilik tizimini rivojlantirish va urug‘lar sifatini yaxshilash yo‘nalishlarida hamkorlik qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, urug‘chilik sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish, innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish orqali hosildorlik va mahsulot sifati ko‘rsatkichlarini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Yakunda tomonlar tekstil sanoatini modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda O‘zbekiston tekstil sanoatini xalqaro miqyosda yanada mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi


