O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes uchun ESG va RBC tizimini joriy etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
2026-02-17 19:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirning asosiy maqsadi ESG va RBC yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilgan diagnostika natijalarini taqdim etish, mavjud muammolar va xavf-xatarlarni muhokama qilish hamda KO‘B uchun milliy ESG tizimi va strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ustuvor yondashuvlarni belgilashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, biznes uyushmalari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirok etdi. Ochilish chog‘ida ESG tamoyillarini joriy etish kichik va o‘rta biznesning raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish va xalqaro bozorlarga integratsiyasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Muhokamalar davomida kichik va o‘rta biznes faoliyatining joriy holati, ular duch kelayotgan ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, xalqaro ESG standartlarining milliy iqtisodiyot uchun ahamiyati ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo, qurilish materiallari va mashinasozlik tarmoqlaridagi asosiy ESG xavflari hamda institutsional va muvofiqlashtirish sohasidagi mavjud bo‘shliqlar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ESG va RBC sohasida o‘tkazilgan diagnostika natijalari yuzasidan umumiy yondashuvlar qo‘llab-quvvatlandi hamda kichik va o‘rta biznes uchun milliy ESG tizimi va strategiyasini ishlab chiqishning keyingi bosqichlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Loyihani amalga oshirish kichik va o‘rta biznes subyektlarining barqaror rivojlanishini ta’minlash, ularning xalqaro standartlarga moslashuvini qo‘llab-quvvatlash hamda global qiymat zanjirlaridagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi




