Buyuk Britaniyaning Ozarbayjon va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo vakili Lord Jon Olderdays bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-02-17 16:08:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va uni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, investitsiya muhitini yaxshilash hamda xususiy sektor rolini oshirish bo‘yicha erishilgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari loyihalari, aeroportlarni modernizatsiya qilish, energetika sohasida “yashil” energiya ulushini oshirish hamda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) mexanizmlarini keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, davlat korxonalari va banklarini transformatsiya qilish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, milliy kompaniyalarni xalqaro kapital bozorlariga, jumladan, London fond birjasiga olib chiqish istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida Buyuk Britaniyaning “Arup International Projects LTD” kompaniyasi tomonidan Samarqand viloyati Chelak shaharchasi markaziy ko‘chasining master reja konsepsiyasi ishlab chiqilayotgani yuqori baholandi.
Uchrashuv soʻngida Buyuk Britaniyaning “Arup” kompaniyasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘rtasida “Hududlarning barqaror oʻsishiga qaratilgan master rejalarni muhandislik va transport infratuzilmasi hamda kadrlar salohiyatini oshirish orqali qoʻllab quvvatlash” to‘g‘risida Anglashuv Memorandumi imzolandi.
Tomonlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, investitsiya va moliyaviy sheriklikni kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi




