Miraki turistik markazida “chempion” tadbirkorlar ishtirokida biznes-seminar o‘tkazildi
2026-02-16 16:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Seminar ochilishida YTTBning Kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish va rivojlantirish departamenti katta bankiri Muzaffar Hakimov hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish bo’yicha strategiya va dasturlar amaliyotga tatbiq etilishini tashkil etish boshqarmasi boshlig’i Muydinov Amirxon so‘zga chiqib, mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, biznes subyektlarini moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir davomida YTTB mutaxassislari tomonidan kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun mavjud moliyalashtirish imkoniyatlari, konsalting xizmatlari hamda grant loyihalari yuzasidan batafsil taqdimotlar o‘tkazildi. Xususan, tadbirkorlik subyektlarini rivojlantirishga qaratilgan moliyaviy va maslahat dasturlarining afzalliklari, ularning amaliy qo‘llanilishi hamda biznesni modernizatsiya qilishdagi o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Seminarning asosiy qismida biznes strategiyasini ishlab chiqish, samarali korporativ boshqaruv tizimini shakllantirish, tashkilotning uzoq muddatli barqaror rivojlanishini ta’minlash hamda raqobatbardoshlikni oshirish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarga e’tibor qaratilib, korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish, risklarni boshqarish, boshqaruv tizimida shaffoflik va samaradorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘rtasida tajriba almashinuvi tashkil etilib, biznes subyektlarining barqaror rivojlanishini ta’minlash, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda tadbirkorlik faoliyatiga innovatsion yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi





