Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki prezidenti Szou Szyai bilan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-02-10 17:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda OIIB prezidenti administratsiyasi rahbari Yang Chjou, Davlat sektori hamda loyiha va korporativ moliya mijozlari uchun investitsiya bo‘yicha bosh direktori Konstantin Limitovskiy, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov, Energiya samaradorligi milliy agentligi direktori Ziyovuddin Badriddinov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tendensiyalari, kelgusida belgilangan maqsadlar va ustuvor yo‘nalishlar, o‘zaro manfaatli munosabatlarini rivojlantirish hamda hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Xususan, tomonlar quyidagi asosiy yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
· Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda ustuvor yo‘nalishlar, jumladan, infratuzilmani rivojlantirish, urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda hamkorlik qilish;
· Kichik va o‘rta biznes, IT, fintex, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash;
· Davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan, DXSH asosida transport-logistika va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, energiya yetkazib berish tizimini modernizatsiya qilish;
· Qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, irrigatsiya tarmoqlarini takomillashtirish hamda suv resurslaridan samarali foydalanish;
· Yashil transformatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va energiya samaradorlikni oshirish.
O‘z navbatida, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki rahbari tomonidan mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasida erishilayotgan natijalar hamda belgilangan ustuvor maqsadlar yuksak baholanib, kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokidagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida va Xorazm viloyatidagi mahalliy ahamiyatga ega umumiy foydalanuvdagi avtomobil yoʻllarini taʼmirlash” loyihasini moliyalashtirish yuzasidan bitim imzolandi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, yuqoridagi masalalar yuzasidan fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirish hamda belgilangan maqsadlarga yetishda tizimli va samarali faoliyat olib borishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi





