Buxgalteriya hisobi va auditorlik faoliyati sohasida 2025-yil davomida erishilgan natijalar yuzasidan ma’lumotnoma
2026-02-05 12:10:00 / Vazirlik yangiliklari
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) yoʻnalishida:
1. Buxgalteriya hisobi sohasini tizimlashtirish, Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) oʻtishni ragʻbatlantirish va tadbirkorlik subyektlarining MHXSga oʻtishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish, moliyaviy hisobotning tashqi sifat nazorati tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, buxgalterlar va auditorlar kasbining huquqiy maqomi va nufuzini mustahkamlash, ularning kasbiy odob-axloq talablariga rioya qilishi, buxgalterlik va auditorlik xizmatlari sifatini xalqaro standartlar asosida taʼminlashi, buxgalteriya hisobi va audit sohasini raqamlashtirish orqali rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Moliyaviy hisob tizimini xalqaro talab va standartlarga muvofiq tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori loyihasi ishlab chiqilib, 2025-yil 15-sentabrdagi PQ-282-sonli qarori qabul qilindi.
Mazur qaror bilan buxgalteriya hisobi tizimini tubdan takomillashtirish va uni xalqaro standartlarga oʻtkazishning muhim ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi.
Birinchidan, Oʻzbekiston moliya va kapital bozorlarida shaffoflikni oshirish, xalqaro investorlar ishonchini kuchaytirish, natijada mamlakatning suveren va korporativ reytinglarini yaxshilab, uzoq muddatli sarmoyalarni jalb qilish imkoniyatini kengaytirish maqsadida jamiyat va iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlarini yangi toifasi Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar (Public interest entities – PIE) sifatida huquqiy maqomi joriy qilindi.
Ikkinchidan, Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari, ularning moliyaviy hisobotlari va auditiga qoʻyiladigan talablar hamda jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi (Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bankning 2025-yil 27-dekabrda qoʻshma 3736-son qarori).
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar tushunchasi ilk bor aniq belgilab berildi. Bunda Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar (Public Interest Entities – PIE, JAT) – faoliyat turi, aktivlari hajmi, yillik tushumi, xodimlar soni yoki iqtisodiy va ijtimoiy taʼsiri tufayli keng doiradagi manfaatdor tomonlarga ega boʻlgan tijorat tashkilotlari hisoblanadi.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar Reyestrga kiritilgan yildan keyingi yilning 1-yanvaridan boshlab MHXS asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etadi hamda navbatdagi (ikkinchi) yil yakuniga koʻra moliyaviy hisobotlarni tuzish va ularni auditorlik xulosalari bilan birga eʼlon qilishni MHXSga muvofiq amalga oshiradi.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga quyidagi tashkilotlar kiritildi:
qimmatli qogʻozlari fond birjasining listingiga kiritilgan va ommaviy savdolarga chiqariladigan (Publicly Traded Entity) tashkilotlar;
tijorat banklari, mikromoliya banklari, mikromoliya tashkilotlari, faktoring tashkilotlari, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari va kafolatlar berish tashkilotlari, toʻlov tizimi operatorlari, toʻlov tashkilotlari;
investitsiya fondlari;
birjalar;
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi ellik foiz va undan ortiq boʻlgan hamda bir vaqtning oʻzida ketma-ket oxirgi ikki kalendar yil davomida mazkur Mezonlarning 6-bandi “a” kichik bandiga muvofiq keladigan hamda mahsulot, tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan yillik sof tushumi va dividend shaklidagi daromadlari birgalikda bazaviy hisoblash miqdorining bir million baravari va undan ortiq boʻlgan davlat ishtirokidagi korxonalar;
bir vaqtning oʻzida ketma-ket oxirgi ikki kalendar yil davomida hisobot yili yakunlariga koʻra:
a) aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining bir million baravari va undan ortiq;
b) mahsulot, tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan yillik sof tushumi bazaviy hisoblash miqdorining bir million baravari va undan ortiq;
d) xodimlarining oʻrtacha yillik soni besh yuz nafardan kam boʻlmagan tashkilotlar.
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) va Auditning xalqaro standartlariga oʻtishning aniq mexanizmi joriy etildi. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar MHXS asosida buxgalteriya hisobini yuritishi hamda moliyaviy hisobotni tayyorlashi shart.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestriga kiritilgan tashkilotlar:
MHXS (IFRS) asosida alohida va (mavjud boʻlsa) konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot tuzadi;
moliyaviy hisobotni Auditning xalqaro standartlari (ISA) asosida majburiy auditdan oʻtkazadi;
moliyaviy hisobot va auditorlik xulosasini oʻz rasmiy veb-sayti hamda Korporativ axborot yagona portalida eʼlon qiladi.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestri ochiq va shaffof boʻladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank tomonidan Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestri shakllantiriladi va yuritiladi. Reyestr har yili 1-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Hukumat portali va Ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtiriladi.
Reyestrda tashkilotlar toʻgʻrisidagi asosiy moliyaviy koʻrsatkichlar, auditorlik xulosalari, moliyaviy hisobotlarga havolalar va boshqa muhim maʼlumotlar ochiq aks ettiriladi.
Uchinchidan, buxgalteriya hisobi va audit sohasi boʻyicha malakali mutaxassis va amaliyotchilar, xorijiy va mahalliy ekspertlardan iborat metodologik kengash tashkil etildi.
Metodologik kengash tomonidan MHXS va auditga doir masala va muammolarni muhokama qilindi hamda ushbu masalalar yuzasidan tegishli xulosalar rasmiy veb-saytlarda eʼlon qilib borildi.
Shuningdek, Metodologik kengash tomonidan turli soha va tarmoqlarda MHXSni joriy qilish boʻyicha muammolar oʻrganilib, aniqlangan muammolar tahlil qilinib, tadbirkorlik subyektlarini MHXSni joriy qilish boʻyicha tashkiliy va uslubiy jihatdan taʼminlanib borildi.
Toʻrtinchidan, tadbirkorlik subyektlarini MHXSni joriy qilish boʻyicha tashkiliy va uslubiy jihatdan taʼminlab borish boʻyicha quyidagi ishlar amalga oshirildi:
ERP (Enterprise resourse planning) va buxgalteriya dasturiy taʼminotlarida MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot shakllarini avtomatik ravishda toʻldirish mexanizmlari joriy etildi;
MHXS asosida moliyaviy hisobotni hamda uning sifatini nazorat qilish uchun dasturiy taʼminot Yagona hisobotlar tizimiga integratsiyalash orqali joriy qilindi;
buxgalter, auditor va moliya mutaxassislari uchun raqamli bilimlar (ERP, AI, Big Data) boʻyicha malaka oshirish dasturlari joriy qilindi hamda oliy taʼlim muassasalari va tegishli jamoat birlashmalari bilan hamkorlikda maxsus oʻquv kurslari tashkil etildi;
auditorlar malakasini oshirish dasturlarini qayta koʻrib chiqilib, Taʼlimning xalqaro standartlariga muvofiqlashtirildi;
barqaror rivojlanish va ESG (Environmental, Social, Governance) hisobotini tayyorlash qoidalari va ularni joriy etish boʻyicha tadbirlar dasturini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqildi;
tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida MHXS asosida foyda soligʻini hisoblash boʻyicha soʻrov oʻtkazildi va ularga mazkur masalada uslubiy yordam koʻrsatildi;
buxgalterlar va auditorlar uchun Xalqaro buxgalterlar federatsiyasining Odob-axloq kodeksining (Code of Ethics for Professional Accountants) asosiy prinsiplariga amal qilish boʻyicha uslubiy koʻrsatma ishlab chiqildi hamda Kodeksni oʻqitish orqali ularning mustaqilligi, axloqiy normalar va talablar toʻgʻrisida xabardorligini oshirish maqsadida oʻquv seminarlar tashkil etildi.
MHXSga muvofiq standartlashtirilgan, jumladan, konsolidatsiyalashgan hisobotlar uchun moliyaviy hisobot shakllari va MHXSga moslashtirilgan namunaviy hisobvaraqlar rejasi va uni qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma ishlab chiqildi.
Buxgalteriya hisobi milliy standartlarini Kichik va oʻrta biznes uchun MHXSga uygʻunlashtirgan holda Moliyaviy hisobotning milliy standartlarini joriy etish boʻyicha takliflar Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
2. 2025-yil yakunlariga koʻra buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida talabgorlarning imtihon topshirish xarajatlarini qoplash boʻyicha 2025-yil davomida 1515 ta ariza koʻrib chiqilib, ulardan 895 nafari uchun 1208,7 mln soʻm qoplab berildi. Jami 652 nafar tinglovchilarni oʻqitish xarajatlarini qoplash boʻyicha 5 ta oʻquv markazdan kelib tushgan 42 ta ariza koʻrib chiqildi, shundan, jami 26 ta arizadagi 430 nafar tinglovchilarni oʻqitish xarajatlari uchun 1982,4 mln soʻm qoplab berildi.
Bugungi kunda buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida ASSA – 102 ta, “MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” (F7) fanidan topshirgan – 749 ta, DipIFR (ACCA) – 449 ta, CIPA, CAP, CPA – 170 dan ortiq jami 1 470 ga yaqin xalqaro sertifikatga ega mutaxassislar mavjud (2025.07.01 h.). ACCA (Association of Chartered Certified Accountants) bilan oʻzaro hamkorlik jarayonida 14 ta oʻquv markazlari xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtdi. Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini oʻqitish boʻyicha ikki bosqichli bepul masofaviy onlayn taʼlim platformasida (ifrs.academy) 13 000 dan ortiq tinglovchilar, talabalar, oʻqituvchilar, buxgalterlar va moliyachilar ushbu platformalarda taʼlim olmoqda.
Mazkur islohotlarning amalga oshishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-sentabrdagi PQ-282-sonli qarorining qabul qilinishi hamda unda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirilishi moliya va kapital bozorlarida shaffoflikni oshiradi, xalqaro investorlar ishonchini kuchaytiradi. Bu esa mamlakatning suveren va korporativ reytinglarini yaxshilab, arzon va uzoq muddatli sarmoyalarni jalb qilish imkoniyatini kengaytiradi.
Auditorlik faoliyati sohasida:
1. Respublikamizda auditorlik xizmatlari bozorining umumiy tavsifiga koʻra, 2025-yil 31-dekabr holatida auditorlik tashkilotlarining soni - 175 ta, auditor malaka sertifikatiga ega boʻlganlar soni 1 296 nafarga yetdi.
2. Auditorlik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini taʼminlash va ularni davlat organlari bilan oʻzaro hamkorligi sohasiga axborotkommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha “Audit” dasturiy majmuasi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. Hozirgi vaqtda “Audit” dasturiy majmuasi http://audit.mf.uz va https://audit.imv.uz veb-sahifalarida ishlab kelmoqda.
3. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalari boʻyicha:
2025-yil yanvar oyidan boshlab Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament bilan birgalikda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish (JFODL/TM/OQQTMQK) milliy tizimini oʻzaro baholashning III raundiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. JFODL/TM/OQQTMQK boʻyicha Idoralararo komissiyaning bayonnomasi bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi” va Chora-tadbirlar rejasi doirasida 2025-yilda ishlar amalga oshirildi va shu toʻgʻrisida hisobot tayyorlandi.
Bundan tashqari buxgalteriya hisobi va auditorlik faoliyatiga doir 20 taga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi.
2025-yil davomida 18 ta sohani xalqaro hamkorlik asosida yanada rivojlantirish maqsadida xalqaro konferensiya, seminar, trening, davra suhbati va turli uchrashuvlarda ishtirok etildi. Jumladan, Jahon savdo tashkilotiga tashkilotga aʼzo boʻlish boʻyicha Kengash yigʻilishida buxgalteriya hisobi va audit xizmatlari boʻyicha, Jahon banki, MHXS Fondining Kengashlari (Buyuk Britaniya), Sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assotsiatsiyasi (ACCA, Buyuk Britaniya), Rossiya Federatsiyasi Gʻaznachiligi, Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi Ilmiy-tadqiqot moliya instituti (NIFI) ekspertlari va vakillari bilan buxgalteriya hisobi va auditning turli masalalarida uchrashuvlar tashkillashtirildi va ishtirok etildi.
“Ijro intizomi” idoralararo yagona elektron tizimi orqali kelgan jami 900 ga yaqin topshiriqlar, jismoniy va yuridik shaxslardan kelgan murojaatlar belgilangan muddatlarda bajarilgan.
Mazkur ishlarni amalga oshirilishi moliya va kapital bozorlarida shaffoflikni oshiradi, xalqaro investorlar ishonchini kuchaytiradi. Bu esa mamlakatning suveren va korporativ reytinglarini yaxshilab, arzon va uzoq muddatli sarmoyalarni jalb qilish imkoniyatini kengaytiradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
